Samarqandlik tadbirkorga qonun doirasida yordam ko‘rsatiladi
2020 yil 24 fevral kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi tadbirkor Gavhar Aliyeva Xalq banki boshqaruvi raisi bilan uchrasha olmayotgani haqida videomurojaat yo‘llab, iddao qilgan.
Xalq banki matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, bu holat umuman haqiqatga mos kelmaydi. Chunki ushbu tadbirkor bu kungacha Xalq banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, tegishli departamentlar direktorlari bilan bir necha marotaba uchrashgan, hujjatlarida kamchilik bo‘lgani uchun kredit ajratilmayotgani tushuntirilgan.
Shundan so‘ng fuqaro o‘zining noqonuniy talabini Xalq banki boshqaruvi raisi orqali hal qilmoqchi bo‘lgan. Shuning uchun boshqaruv raisi qabuliga kirishga uringan. Mmmo ish grafigi tig‘iz bo‘lgani uchun Farhod Salomov aynan tadbirkor kelgan paytda vaqt ajratolmagan.
Lekin Xalq banki boshqaruvi raisi Farhod Salomov dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, tadbirkor uchun vaqt topib, 2020 yil 22 fevral (shanba) kuni G.Aliyeva bilan uchrashgan, uning muammosini tinglagan va qonun doirasida yordam berilishini ma’lum qilgan.
Xalq banki boshqaruvi raisi tadbirkor bilan uchrashuvi chog‘ida kredit olish uchun hujjatlari yetarli emasligini, zaruriy barcha hujjatlarni taqdim etib, ariza bersa, o‘rnatilgan tartibda kredit ajratilishini bildirgan.
Shuni ma’lum qilamizki, Xalq banki tadbirkorlarning eng yaqin hamkori bo‘lib, ularning biznesi rivojlanishini har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.