Tadbirkorlar hisobvaraqlaridagi mablag‘lar daxlsizligini buzganlar ozodlikdan mahrum etilishi mumkin
Bugungi kunda tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini noqonuniy o‘tkazish yoki olib qo‘yish, shuningdek ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik hollari mavjud bo‘lib, amaldagi qonun hujjatlarida bunday hollar uchun javobgarlik choralari aniq belgilanmagan.
Shu kabi omillar inobatga olingan holda Senatning qirqinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bilan tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Xususan, Qonunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’yektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazoviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etilmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan tadbirkorlarning pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik yuzasidan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra mazkur holatlar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham sodir etiladigan bo‘lsa, sodir etilgan jinoyatning toifasiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.