Penza shahrida samarqandlik tadbirkorlar mahalliy ishbilarmonlar bilan hamkorlikda mahsulot ishlab chiqarishga kelishib oldi
Samarqand viloyati va Rossiya Federatsiyasining hududlari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish maqsadida Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov boshchiligidagi viloyat ishchi guruhi Rossiyaning Penza viloyati savdo-sanoat palatasi a’zolari bilan biznes-forum o‘tkazdi.
Unda Samarqand viloyatining investitsion salohiyati, tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar taqdimoti o‘tkazildi. Forumda va V2V uchrashuvlarda hamkorlikda oziq-ovqat va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, Penza shahrida faoliyat yuritayotgan korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga kadrlar jalb qilishga katta qiziqish bildirildi va hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, ishchi guruh ahzolari Penza davlat agrar universiteti faoliyati bilan tanishdi. Ushbu oliygoh qishloq xo‘jalik sohasi uchun kadrlar yetkazib berish va ilmiy izlanishlar o‘tkazishda yetuk ta’lim muassasa bo‘lib, bu yerda 32 nafar fan doktori, 98 nafar fan nomzodi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Izlanishlar 9 ta ilmiy markazda, 7 ta zamonaviy jihozlangan laboratoriyalarda, maydoni 4743 gektar va 777 bosh qoramoli bo‘lgan tajriba maydonlarida tashkil etilgan. Ishchi guruh tarkibidagi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti agrobiologiya fakulteti dekani G‘.G‘aybullayev hamda iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti dekani J.Isayev mazkur universitetda hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muzokara o‘tkazib, birgalikda ilmiy tadqiqotlar tashkil qilish, o‘qituvchi va talaba almashish, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ishchi guruhi a’zolari Penza shahridagi kurka (indeyka) yetishtirish va chuqur qayta ishlash korxonasida, qishloq xo‘jalik yerlariga ishlov berish texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarda hamda sut yo‘nalishidagi yirik shoxli chorvachilik fermer xo‘jaliklarida ham bo‘lib, o‘zaro hamkorlikda ishlash imkoniyatlarini muhokama qildi.