“SamAvto”da yana bir zamonaviy yangi avtobus ishlab chiqariladi

Samarqand avtomobil zavodida yangi past polli avtobus – "SAZ LF70" prototipi ishlab chiqildi.

Chorak asrdan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritayotgan “SamAvto” korxonasida zamonaviy avtobuslar, pikaplar, yengil va o‘rta yuk avtomobillari hamda maxsus avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Korxona tashkil etilganidan buyon 55 mingdan ortiq avtotransport vositasi ishlab chiqarilgan.

2024 yilning kuzida korxona o‘zining yana bir ishlanmasi, yangi past polli "SAZ LF70" avtobusining prototipini taqdim etdi. Taqdimot “Komtrans Tashkent-2024” xalqaro ko‘rgazmasida o‘tkazildi.
– Yangi mahsulot “ISUZU” dvigateli hamda jahon standartlariga mos avtomat uzatmalar qutisi, tormoz tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori xizmat muddati va foydalanish xavfsizligini kafolatlaydi, – deydi korxona bosh direktori o‘rinbosari Husen Qobilov. - Model harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar uchun maxsus tizim bilan jihozlangan. Bekatlarda to‘xtash chog‘ida yo‘lovchilar chiqib-tushishiga qulay bo‘lishi uchun eshiklar tomon egilib, kuzov “cho‘kadi”.

Bu modelning yana bir e’tiborli tomoni, umumiy 70 yo‘lovchi sig‘imiga egaligidir, jumladan 26 o‘rindiq mavjud. Xalqaro texnologik reglamentlar talablariga muvofiq ishlab chiqilgan past polli avtobus shahar jamoat transportiga mo‘ljallangan.
Korxonada "SAZ LF70 CNG" modelini seriyali ishlab chiqarish joriy yilning birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.

Samarqand avtomobil zavodida ekologik toza texnologiyalarga faol sarmoya kiritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kompaniya elektrobus ishlab chiqarish borasida ham harakatlarni boshlagan.

Rinat ABDULMANOV.