Malayziya kompaniyasi “Samavto” bilan hamkorlikda elektrobuslar ishlab chiqarishi mumkin
O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Malayziyaning Gemilang Coachwork Sdn. Bhd kompaniyasining ijrochi direktori Pang Chong Yong bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Malayziya kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilingan.
Gemilang Coachwork Sdn. Bhd kompaniyasining ijrochi direktori Pang Chong Yong kelgusida “Samavto” MChJ korxonasi bilan korxona ehtiyojlari uchun alyuminiy kuzovlar yetkazib berish va birgalikda elektro avtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirgan.
Uchrashuv natijasida Malayziya kompaniyasi bilan “O‘zavtosanoat” AJ o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va “Samavto” MChJ negizida elektro avtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha onlayn muzokaralar o‘tkazish yuzasidan kelishib olingan.
1992 yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Malayziyaning Johor shtatida joylashgan Gemilang Coachwork Sdn. Bhd avtobuslar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Yillik ishlab chiqarish hajmi mingga yaqin avtobus va kuzovni tashkil etadi. Korxona mahsulotlari AQSh, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va O‘zbekistonga eksport qilinadi.