Sanatoriylarda sog‘lomlashtirish va dam olish ko‘lami oshyapti
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyat kengashining faoliyat yo‘nalishlaridan bir bo‘lgan xodimlarni sog‘lomlashtirish va dam olishini ta’minlash borasida zarur ishlar amalga oshirilyapti.
Jumladan, 2021 yilda 3836 nafar ishlovchi xodimlar 9 mlrd. 81 mln. 300 ming so‘mlik sanatoriy yo‘llanmalari asosida sog‘lomlashtirilgan bo‘lsa, ishchi-xodimlarning 1118 nafar oila a’zolari 2 mlrd. 753 mln. 826 ming so‘mlik sanatoriy yo‘llanmalari bilan sog‘lomlashtirildi.
Shundan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2021 yil 15 yanvardagi 2-09 “s” sonli rayosat qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida, foydalanilgan sanatoriy yo‘llanmalarning 210 tasi mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchilar, Chernobilchilar, olis va chekka hududlarda yashovchi yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillariga bepul berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 9-bandi hamda Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining 2020 yil 14 dekabrdagi "Xalq ta’limi tizimidagi muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida"gi qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizdagi 556 nafar o‘qituvchi va murabbiy, shuningdek, farzandlarini yurtga sadoqatli etib tarbiyalab, voyaga yetkazgan, ibratli va matonatli 30 nafar ayolning ro‘yxati shakllantirilib, viloyatimizdagi “Abu Ali Ibn Sino” sanatoriysida bepul sog‘lomlashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi «Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2021 yil mavsumi uchun bolalar yozgi oromgohlari tashkil etilib, 7480 nafar bola sog‘lomlashtirildi.
Yuqorida amalga oshirilgan ishlarning davomi sifatida joriy yilda ham ushbu yo‘nalishda katta rejalar belgilab olganmiz. 2022 yilda viloyatimizning 6 mingdan ortiq ishchi-xodim va ularning oila-a’zolarini imtiyozli ravishda sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 628 nafar o‘qituvchi-murabbiylarni bepul sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda ham sanatoriy yo‘llanmalari bilan davolanish muddati 10-12 kunni tashkil etadi. Dam oluvchi yo‘llanma umumiy qiymatining 45 foizini to‘laydi hamda sanatoriyda yashash, ovqatlanish va davolash muolajalariga qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
Sanatoriy yo‘llanmalari kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan quyidagi tartibda rasmiylashtirilib beriladi.
-ariza (boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi nomiga);
-tibbiy ma’lumotnoma;
-pasport nusxasi;
-mehnat daftarchasi nusxasi;
-mehnat ta’tili berilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
-yo‘llanma qiymati to‘liq yoki qisman to‘langani to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozi.
Kasaba uyushma byudjeti mablag‘lari hisobidan ishchi-xodimlarning oila a’zolarini (ota-ona, er-xotin va farzandlari) sog‘lomlashtirishda sanatoriy yo‘llanmalari olish uchun (tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi) va turmush o‘rtog‘iga berilganda (nikoh guvohnomasi va pasport nusxalari) taqdim qilinishi talab etiladi. Mazkur holatda xodimning mehnat ta’tiliga chiqkanligi to‘g‘risidagi hujjat talab etilmaydi.
Ishchi va xizmatchilar kasaba uyushma yoki ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma olishidan qat’iy nazar, unga ikki yilda bir marotaba berilishi belgilab qo‘yilgan.
Zarif Jozilov,
viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining ijtimoiy sug‘urta bo‘limi mudiri.