“Sangardak” mo‘’jizasi

Dengiz sathidan 1500 metr balandlikda joylashgan va “Markaziy Osiyo Niagarasi” nomini olgan Sangardak sharsharasi yaqinida jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy sanatoriya qurildi.

Yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, aholining turmush darajasini oshirish, salomatligini tiklash va dam olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, umuman, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ayniqsa nufuzi va salohiyati kun sayin oshib borayotgan kasaba uyushmalarining roli beqiyos.

Xususan, keyingi yillarda federatsiya tomonidan yangi sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlari, bolalar oromgohlari barpo etimoqda, tizimdagi sanatoriylar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Sangardak mahallasida, yurtimizning eng baland nuqtalaridan biri bo‘lgan Hisor tog‘ tizmasi yonbag‘rida qurilib, ishga tushirilgan «Sangardak» sanatoriysi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Sentyabr oyining boshlarida qo‘l telefonimda ustma-ust qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi.

– Assalomu alaykum, siz urgutlik birinchi darajali "Mehnat faxriysi" Matlab akamisiz? - degan notanish ovoz eshitildi.

– Va alaykum assalom, ha, menman, – deya javob qaytardim.

– Samarqand viloyat kasaba uyushmalari kengashidan qo‘ng‘iroq qilyapmiz. 16 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli yangi sanatoriyaning tantanali ochilish marosimi bo‘ladi. Sizni mehnat faxriysi sifatida ushbu tadbirda ishtirok etishga taklif etamiz. Maxsus yo‘lovchi poyezdga safar uchun chipta buyurtmasi berilgan. Yangi sihatgohning birinchi dam oluvchilari bo‘lasizlar. 15 sentyabr kuni kech soat 20.00 dan kechikmay Samarqand temiryo‘l vokzaliga yetib keling, kutamiz, - deyishdi.

O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat kengashi raisi Normurod Rajabov va men aytilgan muddatda Samarqand temiryo‘l vokzaliga yetib bordik. Bizni u yerda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov qarshi oldi va bizlarga hamrohlik qilishini aytdi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay perronga “Toshkent-Denov-Toshkent” maxsus yo‘lovchi poyezdi kelib to‘xtadi. Nima uchun “maxsus” poyezd ekanligini vagonlarga chiqqan zahotimiz bilib oldik. Yo‘laklarga yangi gilam poyandozlar to‘shalgan, deraza oynalariga 2 xil rangda harir pardalar tortilgan, o‘rindiqlardagi ko‘rpachalar yap-yangi, vagon xizmatchilari xizmatga bel bog‘lab turishibdi. Bunaqasini ilgari ko‘rmagan edik.

Poyezdimiz harakatlanishi bilan hammamizga kechki ovqat tortildi. Poyezdimiz shitob bilan olg‘a borardi. Biroz suhbatlashib, keyin mizg‘ib oldik. Alplar yurtining Qo‘rg‘ontepa, Sho‘rchi tumanlari hududidan o‘tayotganimizda tong otdi. Manzilga yetar- yetmasimizdan ertalabki nonushta ulashildi. Soat 8.30 da Denov temiryo‘l vokzaliga yetib bordik.

Temiryo‘l bekatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati, mas’ul hodimlari, hukumat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, elimiz sevgan shoir-u adiblar, san’atkorlardan iborat delegatsiyamizni surxondaryoliklar karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. So‘ngra zamonaviy avtobuslarga chiqib Sariosiyo tumani sari yo‘l oldik. Tekislikda, chamasi 15 kilometr yo‘l bosganimizdan so‘ng avtobuslarimiz baland tog‘lar oralab ketgan tor, ammo kaftdek tekis asfalt yo‘lda harakatlanishni davom ettirdi. 25-30 kilometrlar yurganimizdan so‘ng sharqirab oqayotgan Sangardak soyining chap sohilida 150-200 metr balandlikda olmosdek yaraqlagan osmono‘par bino ko‘zga tashlandi. Bu – zamonaviy usulda qurilgan “Sangardak” sanatoriyasi binosi edi.

Sangardakning ma’nosi nima? U nimani anglatadi? Shu yerlik aholining aytishicha, “Sangardak” fors-tojikcha so‘z bo‘lib “aylanasi tog‘” degan ma’noni anglatarkan. Bu qishloq aholisining yarmini o‘zbeklar va teng yarmini tojiklar tashkil etarkan. Ular bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashaydilar.

Sanatoriya tog‘lar bag‘rida qurilgan bo‘lib, baland qoyalar bilan deyarli tenglashib turibdi. Avtobusdan tushishimiz bilan bizlarni Surxon elining bebaho san’at darg‘alari bo‘lgan baxshilar, boysunlik taniqli san’atkorlar kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar bilan qarshi olishdi.

Shundan so‘ng yangi sihatgohning tantanali ochilish marosimiga to‘plandik. Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov ochib berarkan, bu inshoot Prezidentimizning xalqchil insonparvarlik g‘oyasi – “Inson qadri uchun!” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lganligini alohida ta’kidladi.

  – Chunki, hurmatli yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda Surxondaryoga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga Sariosiyo tumanidagi dengiz sathidan 1500 metr balandlikda joylashgan va “Markaziy Osiyo Niagarasi” nomini olgan Sangardak sharsharasi yaqinida jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy sanatoriya qurish tashabbusini bildirgan edilar, – dedi Q.Rafiqov. – Bu binoni qurishga azmi qaror qilgan va qisqa muddatlarda qurib bitkazgan federatsiyamizning kapital qurilish boshqarmasiga qarashli “Kasaba loyiha” hamda “Kasaba qurilish” korxonalari quruvchilariga tasanno. Bunday yirik va salobatli binoni qurishning o‘zi bo‘lmaydi albatta. Bu – haqiqiy mo‘’jiza.

Tadbirda so‘zga chiqqan boshqalar ham tog‘lar bilan bo‘ylashib turgan bu inshoot Sangardakning haqiqiy mo‘’jizasi bo‘lganligini ta’kidladilar. Bu yerga tashrif buyurgan mehmonlarning e’tirofu samimiy dil so‘zlaridan so‘ng “Sangardak sanatoriyasi” MChJ direktoriga sihatgohning ramziy kaliti va yengil avtomobil topshirildi. So‘ngra eshik oldidagi alvon lenta qirqilib, to‘planganlar yangi sanatoriya bilan yaqindan tanishdilar.

Poytaxtdan kelgan mehmonlar qatorida hamkasbimiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov ham bor edi va u biz joylashgan xonani kirib ko‘rdi.

– O‘h-ho‘, juda qulay va ko‘rkam ekan-ku bu xonalar, – dedi Abdusaid aka. – Besh yulduzli mehmonxonalardan qolishmaydi. Bu Yangi O‘zbekistonning qudrati, yurtimizda inson qadrining qanchalik balandligi timsoli. Yaxshi bilasizlar, ilgari, sobiq ittifoq davrida Qrim, Sevastopol singari kurort shaharlarda O‘zbekistonning sanatoriyalari bo‘lardi. Lekin bu sanatoriyalarga ham yo‘llanma olish oson emas edi. Asosan, rahbarlar borardi. Ammo o‘sha mashhur joylarda ham bunday sharoit yo‘q edi. Mana endi qarang, yurtimizning olis bir hududida, tog‘lar orasida shunday ko‘rkam dam olish maskani bunyod etilibdi. Havosining musaffoligi, tabiatining go‘zalligini ta’riflashga til ojiz. Chindan ham yurtimiz jannatmonand. Ilohim, ko‘z tegmasin!

Yurtimizning turli hududlaridan kelgan 200 nafardan ortiq faxriylar, ijodkorlar va faollar 10 kun yangi sihatgohning ilk dam oluvchilari sifatida Sangardak mo‘’jizasidan bahramand bo‘ldik.

Dam olish va davolanish maskani tashxislash va davolashga xizmat qiluvchi eng so‘nggi rusumdagi 27 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, yuqori sifatli qattiq va yumshoq mebellar bilan ta’minlangan. Dam oluvchilar fizioterapiya va suv, balchiq, parafin bilan davolash bo‘limlari, tuz g‘ori, jismoniy tarbiya, yopiq suzish havzasi, turk hammomi xizmatlaridan foydalanadilar.

Sanatoriya tog‘ iqlimi va tabiatining shifobaxsh xususiyatlariga ko‘ra yuqori nafas yo‘llari, allergiya, astma, yurak qon-tomir hamda harakat tayanch tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.

  – Sanatoriyamiz tizimdagi sihatgohlar ichida eng baland va ko‘p qavatli bino hisoblanadi, – deydi “Sangardak sanatoriyasi” MChJ direktori Z.Muhammadiyev. – Birinchi qavatda qabul va boshqaruv bo‘limlari joylashgan. 2-7 qavatlarda barcha qulayliklarga ega yotoqxonalar mavjud. Majmua 250 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda yiliga 6,5 mingdan ziyod fuqaro o‘z sog‘ligini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sanatoriyamiz ishga tushishi munosabati bilan 150 dan ortiq ishchi o‘rinlari yaratildi. 10 nafar oliy toifali vrach, 26 nafar hamshira, 20 nafar kichik tibbiy xodim dam oluvchilar va davolanuvchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Ana shu sihatgohning tantanali ochilish marosimida ishtirok etganligimiz va uning ilk imtiyozli dam oluvchilarda bo‘lganimizdan behad xursandmiz. Bu biz, mehnat faxriylari va keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Ishonamizki, “Sangardak” yurtdoshlarimizning sevimli maskaniga aylanadi va uzoq yillar xalqimizga xizmat qiladi.

Biz dam olishimiz mobaynida vohaning diqqatga sazovor joylarini, jumladan, mashhur Sangardak sharsharasini, "To‘palang" suv omborini borib ko‘rdik. Yangilanayotgan yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, hayratlandik, qalbimizda davlatimizdan minnatdorlik hislarini tuydik.

Matlab Hasanov,

Normurod Bozorov,

samarqandlik mehnat faxriylari.