“Tovoqsoy”ga borish uchun 3608 nafar samarqandlik navbatda turibdi

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi «Tovoqsoy», «Oltiariq», «Kosonsoy», «Marvarid», «Marjon suvi» hamda «Nuroniylar» sanatoriylariga yo‘llanmalar ishlamaydigan pensioner va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan “Nogironlar va keksalarni bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qarorga asosan quyidagi shaxslar bepul yo‘llanma olish huquqiga ega:

a) har yili, navbat asosida urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga, Respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslarga, Chernobil AES halokati natijasida nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga, yolg‘izlar ro‘yxatiga olingan fuqarolarga;

b) ikki yilda bir marotaba, navbat asosida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning beva xotinlariga (beva erlariga), 1 va 2-guruh nogironligi mavjud shaxslarga, 1-guruh ko‘z kasalligi nogironlarini kuzatib boruvchilarga;

v) uch yilda bir marotaba, navbat asosida, sanatoriylarda bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan taqdirda yoshga doir pensionerlarga beriladi.

1 yoki 2-guruh nogironligi mavjud fuqarolar davolanib qaytgandan ikki yil o‘tgach, yoshga doir pensionerlar davolanib qaytgandan uch yil o‘tgach, sanatoriyga borish uchun qayta ariza berishi mumkin.

2019 yilning 1 mart holatiga viloyat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi sanatoriylarda davolanish uchun navbatda turganlar soni 11663 nafar (“Tovoqsoy” sanatoriyasiga 3608 nafar, “Oltiariq” sanatoriyasiga 1788 nafar, “Kosonsoy” sanatoriyasiga 810 nafar, «Marjon suvi» sanatoriyasiga 957 nafar, «Nuroniylar» sanatoriyasiga 382 nafar va «Marvarid» sanatoriyasiga navbatda turganlar 4118 nafar)ni tashkil etmoqda.

Samarqand viloyati sog‘liqni

saqlash boshqarmasi axborot xizmati.