Sankt-Peterburgdagi portlashda jabrlanganlar soni 32 nafarga yetdi

Kecha mazkur shaharda joylashgan kafeda portlash sodir bo‘lgani haqda xabar tarqalgandi. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining bugungi xabarida jabrlanganlar soniga aniqlik kiritilgan.

“Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Sankt-Peterburgdagi kafelardan birida yuz bergan hodisada 32 kishi jabrlangan, bir kishi halok bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, jabrlanganlardan 10 nafarining ahvoli og‘ir, 16 kishining, jumladan 14 yoshli qiz ahvoli o‘rtacha.

Portlash harbiy bloger Tatarskiyning ijodiy kechasi o‘tkazilgan Vasilevskiy orolining Universitet qirg‘og‘idagi kafesida sodir bo‘lgan. Tatarskiyga sovg‘a qilingan haykalchaga 200 gramm trotil sig‘imiga ega portlovchi qurilma yashiringan, deya xabar beradi politsiya.

Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash bir ayol Tatarskiyga sovg‘a sifatida byust olib kelgach, besh daqiqadan so‘ng sodir bo‘lgan. Hozirda ayol qidirilmoqda.

Vladlen Tatarskiy harbiy bloger sifatida tanilgan, uning Telegram-kanaliga 560 ming foydalanuvchi obuna bo‘lgan.