Sardobadan 11598 nafar aholi evakuatsiya qilindi

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 1 may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan  “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.

Bunda asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi. Qayd etish joiz, Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) va favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga (FVDT) kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa MFY suv omborining atrofidagi qator aholi yashash punktlari Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Xususan, Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik, Yurtdosh MFYlardan jami 11598 nafar aholi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, suv bosish xavfi bo‘lgan Quyitosh,  Ota yurt,  Birlik MFYlaridan aholini evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Ayni vaqtda Oqoltin tumani Abdualim MFY aholisini Sardobaga evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.

Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi respublika hukumati rahbarlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati hamda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya (MG) va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari yetib borib, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib bormoqdalar.

Mazkur tadbirlarga Sirdaryo viloyati FVBdan 430 nafar shaxsiy tarkib va 5 avtotexnika, Jizzax viloyati FVBdan nafar 120 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MVBRQMdan nafar 60 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MGdan nafar 276 shaxsiy tarkib, 43 avtotexnika hamda hududiy FVDT xizmatlari jalb etildi.

Jabrlangan va halok bo‘lganlar bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.