Sardoba
(Bundan roppa-rosa uch yil avval sodir bo‘lgan“Sardoba” suv ombori fojiasiga bag‘ishlanadi)
Oylarning sarvari Mohi Ramazon keldi. Saharlikka uyg‘ongan Davronga dasturxon yozayotgan xotini Mehri “Hozir bolalaringizni ham uyg‘otaman, siz choy ichib turing”, dedi.
Shu payt qaydandir kuchli shovullagan tovush keldi. Shovqin borgan sari kuchayavergach, u tashqariga qarash uchun derazani ochishi bilan uyga qish chillasidagidek sovuq yopirilib kirdi. “Bu nimasi bo‘ldi?!. Qish allaqachon o‘tgan edi-ku!”.
Vahima ichida qolgan er-xotin darhol tashqariga otildi. Uyi yonidagi baliqchilarning yigirma-o‘ttiz gektardan bo‘lgan hovuzlariga "Sardoba" suv omboridan toshib chiqqan suv sharshara bo‘lib tushardi. Davronning anglagani shu bo‘ldiki, bu vaqtincha edi. Sal fursatda bular ham to‘ladi. Go‘yoki bu kabi hovuzlar Sardobaning oldida tog‘oraning yonidagi bir qoshiqcha edi, xolos. Ayni lahzalarda esa Davron va mahalladoshlari uchun so‘nggi najot qal’asi ham edi.
“Toshqin!”. Bu holni ko‘rib, ular bir zum karaxt bo‘lib qoldi. So‘ng bolalari yodiga tushib o‘zlariga kelishdi. “Bolalarni uyg‘otish kerak, hammani qutqarish kerak!”.
- Men «ribxoz»ga boraman, ishchilarni uyg‘otish kerak, bu yerdan tez ketishsin, sen bolalarni uyg‘ot, tez ketinglar! – dedi Davron shosha-pisha tashqariga chiqib va sal naridagi baliqchilik xo‘jaligi ishchilari joylashgan binoga yugurib ketdi. “Voy, o‘lmasam, voy sho‘rim, endi nima qilamiz”lab qolgan Mehri bolalarini uyg‘otishga shoshdi.
Davron ishchilar idorasi darvozasidan kirar-kirmas, kuchi boricha baqirdi, “Turinglar-ov, kim bor! Sardoba toshdi! Tez chiqinglar, qochinglar bu yerdan”.
Mehrining vahimali ovoziga kattalari tez uyg‘onishdi, nima bo‘layotganini anglab uydan chiqa boshladi, ammo kichigiga uyqu zo‘rlik qildi, qimirlamadi. Uni Nigoraga opichlatib tezroq chiqishni aytib og‘ilxonaga yugurdi.
- Nimalarni olaylik! – dedi ortidan kelgan kattasi Bobur dahshatdan ko‘zlari katta-katta bo‘lib.
- Jon omon bo‘lsa, narsa topiladi, qochish kerak, hech narsa kerakmas. Senlar chiqaveringlar, mollarni qo‘yib yuboraman. Shu ahvolda qolsa uvoli bor. Tirik qolsa topamiz, bo‘lmasa,..
U zudlik bilan og‘ilga kirdi. Qoramollarni boshvog‘ini yechib yubordi, buzoqchalarini ham, qo‘radan qo‘ylarni haydab chiqardi. Yoniga kelgan ikkinchi farzandi Jo‘rabekka “hayda, hovlidan chiqar, bu yerdan ketsin, uzoqlarga, qutulib ketar” dedi.
Davron bu orada qaytib keldi. “Uyg‘otdim hammasini, chiqayapti, ishchilar...” - dedi hovliqib. O‘zi otxonada bog‘liq turgan jabduqli, egarsiz otga shaxt bilan sakrab mindi. Bu paytda hovliga suv oqib kira boshlagan edi.
- Bolalarni ol-da, tez-da ket. Mening bu yerda qiladigan ishlarim ko‘p. Omon bo‘lsak ko‘rishamiz. Hammani ogoh qilish kerak. Tezda uzoqlashinglar. Kimni bilsam telefon qilyapman, birovi olsa, birovi ko‘tarmayapti. Bir kor-xol bo‘lmasin. Endi men borishim kerak.
- Dada, qo‘rqib ketyapman, endi nima qilamiz, - dedi o‘n ikki yoshli Nigora yig‘lab.
- Onasi, bolalar, kalimai shahodatni aytib ketaveringlar. Suv balosi keldi, yomon balo bu, chidanglar. Inshoalloh, bu balodan qutulamiz! Endi vaqt yo‘q, ketinglar, tez yuringlar! Hali nariyoqda qancha odam bexabar, uyquda ular. Ularni shunday qoldirolmaymiz. Omon qolsak, ko‘rishamiz. Hozircha xayr-xo‘sh...
U otga qamchi bosdi. Shitob bilan ketib borarkan, o‘ziga qanday kuch kelganini anglab qoldi. Kutilmagan falokat oldida karaxt holga tushib qolganlar ham bo‘lgan, biroq u ko‘zi yoshga to‘lgan besh farzandi va ayoli tufayli, ularni ruhlantirishim kerak deb hisoblagani uchun o‘zini qo‘lga olgan edi.
Ko‘ziga hech narsa ko‘rinmagan, farzandlari yig‘lab, baqirganida “jonni bergan ham, oluvchi ham Alloh, kalimangni qaytarib qochaver, Xudoning o‘zi asraydi”, dedi xolos... Lekin o‘zidan o‘tganini o‘zi va Xudo biladi... Xudoning karami kengligi shunchalikki, xalqni bomdod namozi payti, saharlikka uyg‘onganida, sergak paytida asragan. Agar falokat yarim kechasi bo‘lganidami, hech kim omon qolmas, ulgurmas edi.
Mehri va bolalar hovlidan chiqib ketdi. Ko‘chada odam ko‘p edi, birov, ulovda, birov piyoda. Sal yurishgach, bir traktor tirkamasini sudragancha keldi. Tirkamada odam ko‘p edi, asosan ayollar va bolalar. Aksariyati qo‘rquvdan dod solib yig‘lashardi. Shosha-pisha ularni ham tortib olishdi.
Davron ot choptirib yo‘l-yo‘lakay, uyma-uy, qo‘ni-qo‘shnilarni uyg‘otarkan, ogohlantirib, tez bu yerdan qochishni qayta-qayta aytardi. Kimdir u aytayotgan gapga ishonar, kimdir esa yo‘q. Suvni ko‘rmaguncha qochishni xayoliga ham keltirmaganlar bo‘ldi. “Suvni ko‘rmay etik yechmaydiganlar avlodi bular”, dedi shunday tahlikali lahzalarda xayoliga hazil kelganidan hayratlanib.
Otni choptirib borarkan kimni ko‘rsa: "Tezda bolalarni olib, balandlikka boringlar, toshqin kelyapti! Toshqin! Qoch, suv urdi, qoch, qoch!", deb qichqirardi. Bu orada kimlargadir telefon qildi, eslolmaydi. Uning xayolida bitta bo‘lsa ham odam bu balodan omon qolsa bas.
“O‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asrasin, derdi keksalar. Nasib qilsa, aniq bu balodan qutulamiz”. Unda endi boshqalarga yordam berish tuyg‘usi qo‘shilgan, o‘ziga ishonchi ortib borardi.
Hamma tomon chumoli uyasi buzilgandek to‘zg‘ib ketdi. Dahshatli xabardan kapalagi uchib ketganlar bola-chaqasini ko‘tarib ko‘chaga chopaverdi. Suv kengayib, borgan sari ko‘payib, to‘rt tomondan bosib kelaverdi. Tepalikka o‘rlagan ko‘chada bola ko‘targan, yoshu qari deyarli chopib borardi. Birovning rangi oqargan, garangsigan, boshqasi bolasini qidirib u yoqdan-bu yoqqa chopgan. Katta bir tugun ko‘targan kampirga birov: “Tashlang tugunni, momo, jonni saqlash kerak, jonni", deb tushuntirar, kampir esa tugunga battar yopishardi.
“O‘limligim bu, qanday tashlayman axir” - jig‘ibiyron bo‘lib g‘udranardi kampir.
“E, momojonim-a, shuyam nasib qilarmikan bizga?!” - dedi bir mo‘ysafidroq kishi unga qarab.
Tirik jon borki yugurar, teparoq joyni ko‘zlar, chumolidek o‘rmalardi. Odamlar tugul hayvonlar, otlar, sigirlar, qo‘ylar, itlaru mushuklar. Hatto kalamushi sichqonlar ham chopardi. Bir butunlikda jon omonligi uchun yugurardi. Hech kim bir-biriga qaramas, chop-chop avjida edi. Xuddiki, toshqin va vahimadan butun dunyo chopayotgandek. Bir pasda hammayoq to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Tepada ketma-ket uyasi-oshiyoni buzilib borayotgan qushlar charx urardi. Qandaydir bir dahshatli ajdar o‘rmalab ta’qib etayotgandek edi.
Sarosima ichida qishloqni tark etayotgan odamlarni molxonalardan kuzatayotgan sigirlar, qo‘radagi qo‘y-echkilar kutilmaganda qiyomat boshlaganini sezib, bir ovozdan uzundan-uzun ma’rashardi. Lekin hech kim bu jonivorlarni jilla qursa arqonidan yoki qo‘rasidan bo‘shatishni o‘ylamasdi. Hammaga jon shirin. Tong g‘ira-shirasida katta yo‘lni to‘ldirgan odamlarni orasidan ko‘zi yongan mashinalar shitob bilan o‘tib qaytardi.
Davronning xayoliga qishloqning chetroq uyida yashaydigan yolg‘iz keksa Mamat bobo keldi. “Boboning "qulog‘i og‘ir" edi, eshitmay qoldi-yov. Boray-chi!”. U otni bobonikiga qarab haydadi. “Chu, jonivor!”. Ot shilta loy kecha-kecha qishloq chetiga qarab ketdi.
Yaxshiyam kelgan ekan, hovliga tizza bo‘yi suv kirgan bo‘lib, Mamat bobo hovlidagi yog‘och supaga chiqqancha, o‘rik daraxtiga suyanib qo‘rquv va hadikda pichirlardi. Davronni ko‘rib uning ko‘zi yoshlandi, umid uyg‘ondi.
- Bobo, keldim, sizni olib ketaman, - qichqirdi u. – Mining tez, ketamiz.
- Joningni qutqarsang-chi, hoy bola! Men oshimni oshab, yoshimni yashaganman, axir, - bobo uni urushgan bo‘ldi, keyin tashlab ketmagani uchun duo qildi. – Yurtimizni balo qazolardan asra, Parvardigor. Sendek yigitlar el koriga yarayversin!
- Keling, bobo, baribir sizni tashlab ketolmayman, axir. Omon bo‘lsak, hali ko‘p duo qilasiz.
U otni boboga to‘g‘riladi. Avaylab qo‘ltig‘idan oldi, mingashtirib hovlidan chiqdi. Ot oyog‘i toyib-toyib, suv kecha-kecha quruqlikka chiqib oldi. Shu payt o‘ng tomondagi uylar tomonidan bola yig‘isi eshitilgandek bo‘ldi. Bu tovushni suvning shovullagina bosib ketdi. Lekin bu tomonni deyarli suv bosib bo‘lgan edi. “Obbo, birorta bola qolib ketdimikan? Qutqaruvchilar qachon bu yerga yetib kelarkan?!”. U olislarga tikildi. Tepada vertolyot uchib o‘tdi. U suv bosgan tomonga ketdi. Aftidan, biror kim qolib ketgan bo‘lsa qutqarar.
Sal yurgandan keyin bir arava ko‘rindi. Tezlashib yetib olgan Davron cholni unga avaylab o‘tqazdi. Aravakashga “tez hayda, kech qolma” dedi tepalikni ko‘rsatib.
Bir zum ikkilandi. “Ortga qaytsam bolani olib chiqolamanmi?! Ketsam-chi! Yo‘q, unda vijdon azobida qolaman! Qutqaraman uni?!”. Bolani qutqarmay tashlab ketadigan bo‘lsa, keyin odamlarning yuziga qanday qaraydi. Qutqarish mumkin bo‘lganda ko‘ra-bila turib, tashlab ketish - yo‘q, u bunday qilolmaydi!
U otga yana qamchi urdi. Ot qamchi zarbidan zirillab ketdi. Uyam xatarli vaziyatni sezib turibdi shekilli. Tezroq borsa olib qoladigandek otni yeldirib ketdi.
Suv kechib boyagi ovoz chiqqan - Husniddinning uyi tomon yurdi. “Husniddinning yosh bolalari bor edi, ishqilib tinchlik bo‘lsin!”. Ellik-oltmish qadamcha yurishgach, suv tezligi ortdi, ko‘tarila-ko‘tarila otning tizzasidan ham tepaladi. Uy tomonda yana anglovsiz ovoz keldi. Tezlashish kerak, vaziyat og‘irlashib boryapti. Uyning devorlariga urilayotgan oqish to‘lqinlar tahdidli silkindi.
“Hayot to‘xtaydimi yana, - dedi o‘ziga-o‘zi. – Nuh payg‘ambar yana ortga qaytib, barcha jonivorni qutqaradimi? Shu tobda nimalar keladi xayolga-ya. Chu, tulporim, bir ha de, endi, bir qo‘lla, jonivor. Allohim, o‘zing ko‘mak ber, menga!”. Davron Xudoga yolvorar, baloni daf etishni so‘rardi. Uyga yigirma odimcha qolganda bir mushukcha ayanchli miyovlab uyning derazasiga tirmashdi.
“- Hay attang, mushuk bola ekan! Bekor qaytibman, - dedi u. - Mayli, bola emas ekan, shunisigayam shukur”.
Qiynalib otni orta burdi. Kuchli oqimdan ot tentirab ketaverdi. Vahimali tusga kirgan suv borgan sari kuchayib otni pastga surib ketdi. Ot tizginini tortib vaziyatni qo‘lga olmoqchi bo‘ldi. Ot kuchli edi, oqim undan kuchliroq chiqdi. Uning ustiga suv o‘pirgan joyga duch keldi, ot boshi bilan suvga sho‘ng‘ib ketdiyu, Davron o‘zini suv yuzasida ko‘rdi. Badanini minglab chumoli talagandek tirnog‘igacha junjikib ketdi. Buncha sovuq bo‘lmasa. Uning ustiga loyqa va bo‘tana suv, har baloni oqizib kelyapti. Jon holatda suza boshladi. Sal nariroqda ot qalqib chiqdiyu, tipirchilab suzdi. Oqim kuchli edi. Ikkisini ikki tomonga uloqtirib yubordi. Ot nariroqda girdobga duch keldi va g‘oyib bo‘ldi, Davron qaytib uni ko‘rmadi. Nachora, odamzod ojiz ekan, kuchli oqim uni tobora o‘rtaroqqa pista po‘choqdek oqizib ketdi.
“Tamom bo‘ldim, qismatim shu ekan!”. Uning boshiga chaqin tekkandek bo‘ldi. U bo‘tana suvda goh cho‘kib, goh ko‘rinib oqib borarkan, qarshisida keksa tolni ko‘rib qoldi. “Yo Tangrim, ojiz bandangga najot berdingmi?!”.
Najotkor tol uning joniga oro kirdi. Tolchiviqlarga yopishib olgan Davron daraxt tanasini mahkam quchoqladi. Bir amallab shoxiga chiqib oldi. Ichiga ketgan suvdan o‘qchib-o‘qchib yo‘taldi, nafasini rostlay olmay hansiradi. Uning atigi sal pastda turli baloyu battar narsalarni oqizib kelayotgan suv shiddatkor tusda o‘taverdi. Davron tolning uni tutib tura oladigan darajadagi tepa shoxlariga chiqib oldi. “Allohim, o‘zingga shukur, najot berganingga ming marta shukur!”.
Tol toshqin kuchidan tinimsiz tebranar, o‘zini qutqarmoqchidek silkinardi. Biroq, oqim tobora kuchayar, battar siquvga olardi. Davron halinchakda o‘tirgan boladek uyoqdan bu yoqqa tinimsiz borib kelardi.
Davron bu yerda ko‘p jon saqlab bo‘lmasligini angladi. “Unda o‘lmasang, bunda o‘l, kalimangni qaytar, o‘limingni kut!”. U najot istab ko‘kka qaradi. “Meni ko‘rib qolarmikanlar, ko‘rmay qolsa-chi!”. Ana shu ko‘rmay qolish uni yuragini o‘rtab yubordi.
Huv olisda tepada yana temir qushlar - vertolyotlar, uzoqda harbiy mashinalar ko‘rindi. “Demak, qutqarishga kelishadi, endi qutuldim!”.
So‘ng shaxt bilan ko‘ylagini yechdi. Tolchiviqdan sindirib, uchiga yalovmisol bog‘ladi. Silkita boshladi. “Endi ko‘rishar, axir”. Uning yolg‘iz umidi qutqaruvchilarda edi. Lekin hadeganda ular bu tomonga kelavermadi.
Bu orada suv yanada ko‘tarilib, tol deyarli egilib qoldi. Tolning so‘nggi shoxlarini quchoqlab, ko‘ylagini hilpiratar, Xudoga tinimsiz yolvorardi.
“Xudoyim, najot ber, najot bergin! Bu balongdan o‘zing asra! O‘zingdan boshqa najotkorim yo‘q. Yolg‘iz Allohim o‘zing! Bir bechora bandangni qutqar!”. O‘lim unga shu qadar yaqin kelgan ediki, suvga tushsa tamom edi.
Oldin tepadan motor gurillagani va so‘ng unga yaqinlashgani eshitildi. Davron tepaga qaradi. “Hayriyat-e, ko‘rishibdi!”. Unda birdan yashash ishtiyoqi kuchayib ketdi. Yuz bergan falokat qanchalik ulkan bo‘lmasin, uning barcha dahshatlari ortda qolgandek tuyuldi.
Bu paytda aftidan egilib qolgan tol so‘nggi kuchlarini sarf etayotgan edi. Shunda Davron shundoqqina yonida arqonli narvonni ko‘rdi. Kuch bilan unga yopishdi. Tepadan qutqaruvchilar nimadir deb qichqirdi. Suvning shovqinida tushunib bo‘lmadi. Arqonli narvonga tirmasharkan, oyog‘ini ildirgan edi hamki, tol qattiq bir silkinib suvga yiqildi va g‘ayir oqim uni surib ketdi. Arqonga osilib muallaq qolgan Davronni vertolyotga tortib olishdi.
- Ahvolingiz yaxshimi? O‘zingizga kelib qoldingmi? – dedi harbiy zobit unga. – Agar yo‘q demasangiz, ortga qaytmasak, yana qutqarishimiz lozim bo‘lganlar bordir. Nima dedingiz?
- Balki mening ham yordamim tegar?!
- Ha, albatta, siz bu yerlarni yaxshi bilasizmi? Aholi yashaydigan joylarni ko‘rsatasiz.
- Xo‘p. Nazarimda meni qutqarish uchun Nuh payg‘ambar kemasini yuborgandek...
Harbiy zobit jilmayib qo‘ydi. Davron pastga qaradi. Dahshatning o‘zginasi, ehhe, butun dunyoni suv bosibdi. Minglab gektar yer loyqa suv tagida qolibdi. Suv hali ham to‘xtamayapti. To‘rt tarafga tarqayotgani tufayli shiddat sal pasaygan bo‘lsa-da borgan sari katta hududni egallayapti. Yo‘lida chiqqan nimaki bor qo‘porib, betonu ko‘priklarni buzib, uylarni qulatib, daraxtlarni tortqilab yiqitib, dalalarni egallab olmoqda. Shundoqqina uning pastida mutlaqo suvga o‘xshamay qolgan qandaydir vahshiy va ulkan jondor turli tomonga sapchib, buralib, pishqirib, har tomonga qarab yugurardi. Davronning nazarida bu yovuz falokatning ostida butun dunyo qoladigandek.
Har joydan etni junjiktiradigan darajada qichqiriqli sirena eshitiladi. Shiddatli toshqin uylarni ag‘darib, yiqilmagan devorlarni teshib chiqayotganini xuddi kino ko‘rayotgandek hayrat va afsus bilan kuzatardi. Ayrim uylar ortiq chidashga qurbi yetmagandek gupillab qulab tushaverdi.
Suv yuzida qalqib oqayotgan minglab daraxtlar-u minglarcha bochkalar, ko‘rpa-yostiqlar, stol-stulu, sandig‘u beshiklargacha ko‘rindi. Oqib ketayotgan qo‘yu qoramollar, aravalar, suv yuzida qalqib-qalqib ketardi. Dahshatli bir manzara atrofni qamrab olgan edi.
Huv olisda tobora olislayotgan olomonni ortidan besh-olti chaqirim quvib boribdi. Yaxshiyamki, harbiylar yordamga kelib ham texnikadan yordam beribdi, g‘izillatib uzoqroqqa tashib turibdi, ham tartib o‘rnatishibdi. Lekin hamma sarosimada, ular suv balosidan asra, deb bejiz aytilmaganini yana bir bor anglab yetdimikan?!.
Ishqilib odamlar asrab qolingan bo‘lsa bo‘ldi. Bosh omon bo‘lsa do‘ppi topiladi.
Qiyomat-qoyim bo‘libdi. Haqiqiy falokat. Tabiat qahri. Yer suvga cho‘kardi. Suv toshqini - yovuz qudrat. Attang, kechagina osoyishta, jimirlab yotgan tip-tiniq suv qahrli ajdahoga aylanib, xalq boshiga shunchalik ko‘rgulik solsa?!
Bir kun o‘tib, suv toshqini pasaya boshladi. Hamma yoq quyqa suv. Loyqa, bo‘tana. Jannatmonand zamin kunpayakun qilingan. Unda-bunda yurak yutganlar suvni shaloplatib, atrofni kuzatadi. Dahshatning o‘zginasi.
Quruqlikka yetib olgach Davron oilasini topdi. Lekin bir oycha ortiga qaytolmadi. O‘z qo‘li bilan gulga burkagan zaminni vayrona holda ko‘rgisi kelmadi. Ko‘ngli g‘ash, ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Odamlardan eshitgani - yaxshi o‘zgarishlardan xabardor bo‘ldi, lekin ko‘nglida qor erisa ham muzi qoldi.
Keyin baribir qaytdi. Bu vaqtda uning ko‘nglida ona qishlog‘ini yanada obod qilish istagi ildiz otib ulgurgan edi.
Do‘stbek Sulaymonov.
Rassom: Rustam To‘liyev