"Sardoba ishi" bo‘yicha 7 nafar shaxsga qamoqqa olish, 6 nafariga garov, 4 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan
Joriy yilning 1 may kuni yuz bergan “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va natijada katta yer maydonlarini suv bosishi holati bo‘yicha Jinoyat kodeksining 207-moddasi, 258-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergovda tergov, tezkor-qidiruv tadbirlari olib borildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’lum qildi.
Hozirgi vaqtda tergov organi tomonidan to‘g‘onning loyihalanishi, qurilishi, ekspluatatsiya qilinishi, davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan hajmda suv to‘planishi jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlariga daxldor 17 nafar shaxs, jumladan buyurtmachi “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK, loyihachi “UzGip” MChJ, bosh pudratchi – “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” UK, pudratchi tashkilotlar “Rezaksoy suv qurilish” UK, “Omad Dubl” MChJ, “Sariosiyo qurilish” MChJ, “Trans Servis Kompleks” MChJ, “To‘palang Sherobod” ShK, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekspluatatsiya direksiyasi mansabdor shaxslarining bir guruhi tegishli (167, 203, 205, 207, 209, 258) moddalar bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ayblanuvchilarning 7 nafariga qamoqqa olish, 6 nafariga garov, 4 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi doirasida tegishli idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan o‘lchov va taftish ishlari davom ettirilmoqda. Aybdor shaxslarni aniqlash bilan birga yetkazilgan zararning qoplanishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.