Samarqandlik quruvchilar Sardobada 160 ta uy-joyni ta’mirlayapti
Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv ombori dambasi suv toshqinidan talafot ko‘rgan uy-joylarini qayta ta’mirlash va qurish ishlarida samarqandlik quruvchilar ham jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Xususan, 52 ta pudrat tashkiloti quruvchilari tomonidan Shodlik mahallasida 157 ta uy-joy mukammal ta’mirlanib, 3 ta yangi qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha 11 milliard 456 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Qayd qilish lozimki, bunyodkorlik ishlari loyiha-smeta hujjatlari “Qishloqqurilishloyiha” loyiha instituti viloyat filiali tomonidan bajarilib, Sirdaryo viloyati qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi.
Qurilish-montaj ishlariga jalb etilgan 845 nafar ishchi-xodimlar uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, viloyat IIB YHXB tomonidan jalb etilgan 3 ta ekskavator, 2 ta yuk ortish texnikasi, 17 ta yuk avtomashinalari, 6 ta ichimlik suvi tashishga mo‘ljallangan avtomashinalar va boshqa texnikalar kunlik ishlarga yordam bermoqda. Avtomashina va texnikalar “Maroqand neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zarur miqdorda yoqilg‘i moylash mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.
Toshkent viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi mutaxassislari qurilish-montaj ishlarini kunlik nazorat qilib, o‘tgan 10 kunda jami 195 ta kamchiliklarni aniqlashdi. Kamchiliklar joyida bartaraf etilib, ishlarni sifatli bajarish choralari ko‘rilmoqda. Ayni shu maqsadda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda xonadonlardagi va moslashtirilayotgan elektr sim kabellari me’yor talabi asosida bo‘lishi nazoratga olingan.
Shuningdek, uylar tom qismlaridagi yog‘och konstruksiyalarning yong‘in xususiyatini pasaytirish uchun kimyoviy ishlov berilishiga alohida e’tibor berilyapti. Qurilish-ta’mirlash ishlari loyihasida is gazidan zaharlanish, chaqnash va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida har bir xonadonga kirib kelayotgan gaz tarmog‘iga maxsus gaz tahlil moslamasi o‘rnatilyapti.
Rejaga ko‘ra, 1 iyulgacha 30 ta xonadonda ishlar to‘liq bajarib bo‘lindi. 10 iyulga qadar yana shunchasi foydalanishga topshiriladi. Qolgan 100 ta uy-joyning 50 tasi 20 iyulgacha, ikkinchi yarmi 31 iyulgacha hovli egalari kirib yashashlari uchun tayyor bo‘ladi.
Hududda shuningdek, Sirdaryo viloyati avtomobil yo‘llari mintaqaviy boshqarmasi buyurtmasi asosida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan “Doniyorjon Diyorjon” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash va qurish ishlari olib borilmoqda.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan 20 nafar mahalliy fuqarolar jamoatchilik asosida ishga qabul qilinib, piyodalar yo‘lakchasi qurilishiga jalb etildi.
Ichki yo‘llarda bugungi kungacha yer tayyorlanib, irratsiya tarmoqlari o‘rnatilmoqda.
Azizbek VAHOBOV,
viloyat shtabi a’zosi, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, adliya maslahatchisi.