"Sardoba" suv ombori falokati yuzasidan bir guruh shaxslar qamoqqa olingan
Bosh prokuratura matbuot xizmati “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va buning oqibatida katta hajmdagi yer maydonlarini suv bosishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
1. Loyiha hujjatlaridagi xato va kamchiliklar
2. Qurilishdagi xato va kamchiliklar
3. Ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar
Hozirgi vaqtda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlariga daxldor 9 nafar shaxs, jumladan, buyurtmachi “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK, loyihachi “UzGip” MChJ, bosh pudratchi – “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” UK, pudratchi tashkilot “Rezaksoy suv qurilish” UK, “To‘palang Sherobod” ShK, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekspluatatsiya direksiyasi mansabdor shaxslarining bir guruhi Jinoyat kodeksining tegishli (167, 205, 207, 209, 258) moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Dastlabki tergov muddati Bosh prokuratura tomonidan 5 oyga uzaytirildi.