Saylov jarayonlari xalqaro kuzatuvchilar nigohida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlari deputatlari saylovini bir qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan kelgan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatib bormoqda.
Xalqaro kuzatuvchilar viloyatimiz saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini kuzatish bilan birga viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan ham tanishmoqda.
Polshadagi “Marshlek-xolding” nashriyoti prezidenti Adam Marshalek shu paytgacha bir necha bor yurtimizdagi saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida qatnashgan.
– Kecha Toshkent shahrida bo‘lib, saylovga tayyorgarlikni kuzatgan bo‘lsam, bugun Samarqandda bu jarayonga bevosita guvoh bo‘lyapman, – deydi Adam Marshalek. - Odamlar saylovga befarq emas, qayerga borishni, kimga ovoz berishni biladi. Ayrim davlatlarda aholi avval o‘z yumushlarini bajarib, keyin saylovga boradi. O‘zbekistonda esa saylovchilar ertalabdan uchastkalarga borib, ovoz bermoqda. Bu O‘zbekistonda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajriba to‘planayotganidan dalolat. Ilgari ham xalqaro tashkilotlar guruhi tarkibida O‘zbekistondagi saylov jarayonlarini kuzatganman. Bu gal mustaqil kuzatuvchi sifatida qatnashyapman. Tashkilotchilar mendan qaysi hududga bormoqchisiz, deb so‘raganlarida hech ikkilanmay Samarqandni tanladim. Chunki har gal bu qadimiy va go‘zal shaharda bo‘lganimda yangi taassurotlarga ega bo‘laman.
Shuningdek, Adam Marshalek Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi.