Senat a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartiriladi

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama etildi.

Ta’kidlanishicha, Oliy Majlis palatalari tomonidan o‘z faoliyatlarini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda.

Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilmoqda, Senat a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini o‘tkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazishi belgilanmoqda.

Qonunning yuqorida qayd etilgan Senat a’zolari soni va qo‘mitalar nomlarini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari soni va maqomini belgilovchi qoidalari 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi belgilanmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalarini amalga oshirishga, shuningdek, qonunlar qoidalarini Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.