Shavkat Mirziyoyev narxlar keskin oshib ketishiga e’tibor qaratdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Dastlabki 6 oyda inflyasiya 5,6 foizni tashkil qilib, prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tayotgani bois mutasaddilarga inflyasiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirilgan.
Avgust oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, bu borada yangi tizim joriy etish belgilangan edi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari biriktirildi.
Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi ta’kidlandi.