Shoirlar o‘lmaydi. Abduvali Qutbiddinning eng so‘nggi she’rlari

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, sevimli shoirimiz Abduvali Qutbiddinov oramizni erta tark etdi.
Nozikta’b va yuksak didli shoir Abduvali Qutbiddinning so‘nggi damlarida yozilgan, siyohi qurimagan she’rlarini siz o‘quvchilarga taqdim etmoqdamiz.

***
Men juda yolg‘izman,
Go‘yo quduqda
Qovurg‘amgacha suv, badanim og‘u,
Bilagim uvushib tipirchilaydi –
Misli so‘nggi nola, oxirgi yohu.

Men juda yolg‘izman –
Quduqdir joyim,
Bezillar, yashrinar mendan chuvalchang,
Qurbaqa, sen balki malaksan asli,
Ne bo‘lar aslingga qayta olsang.

Men juda yolg‘izman –
Qo‘limda nina
Tilaman, qaziyman chuqurdan-chuqur.
Tepadan tosh to‘la paqir tashlarlar,
So‘rarlar qilib ber deya javohir.

Men juda yolg‘izman,
Azobim cheksiz,
Qo‘limda zanglagan qadimiy taqa.
Bo‘ynimga yopishib etar tavallo,
Asliga qaytolmay yotgan qurbaqa.

Men juda yolg‘izman,
Tepadagilar
Kenglikda ot surib ovlashar gunoh.
Meni tushunmaslar (fahm shart emas).
Ajdarman
Va ismim «Oh»dir mening
«Oh».

***
Men eskirdim,
shaltog‘im chiqqan,
Shahdim uchgan, qabog‘im so‘lgan,
Bir zo‘r yigit ichimda o‘lgan…

Kulbamga ham sig‘aman zo‘rg‘a,
Xira tortdim,
Qulog‘im og‘ir.
Har kechqurun yutadi to‘rva,
Har kunduzi so‘draydi taqdir.
O‘ylanmasdan qolganman. Boshim
G‘uvullaydi.
To‘g‘risi bo‘m-bo‘sh.
Gohi-gohi indamay titrar,
Tumshuqchasi sinib ketgan qush.

Men eskirdim,
Shaltog‘im chiqqan.
Foydam tegmas. Mum qotgan ensam.
Ketay desam, tovonda qurb yo‘q,
Ovozim yo‘q baqiray desam.

***
Qabriston…
Bobom qabri…
Salom, sukutga cho‘mganlar…
Suv pufaklar yorilayotgan buloq…
Illatlardan holi baliqlar…
Vaqt ekkan chinor…
Bobom tinchmikin…
Abduvali QUTBIDDIN.