Shveysariyadagi Eron—AQSh muzokaralari: birinchi kun yakuni tafsilotlari

AQSh va Eronning Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida o‘tkazilgan muzokaralari tun yarmigacha davom etdi. AQSh delegatsiyasiga vitse-prezident Jey Di Vens, Eron delegatsiyasiga esa parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qildi. Pokiston va Qatar vositachilari yakuniy kelishuvga erishish yo‘lida harakat qilish uchun «yo‘l xaritasi» kelishib olinganini ma’lum qildi.
 
Avvalroq imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq, ishtirokchilar Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yakuniy hujjatni ishlab chiqish uchun 60 kun muddatga ega. Shuningdek, tomonlar keyingi texnik muzokaralarni tashkil etish va jarayonni muvofiqlashtirish bo‘yicha mexanizm yaratishga kelishib olgan.
 
Muzokaralarning asosiy mavzusi hozircha Livandagi vaziyat bo‘lib qolmoqda. Eron TIV vakili Ismoil Baqoiyning ta’kidlashicha, Livandagi urush yakunlanmas ekan, yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tish mumkin emas. Tehron Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish shartlaridan biri sifatida Livandagi jangovar harakatlarning to‘xtatilishini ko‘rsatmoqda. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus mexanizm yaratish masalasi ham muhokamada.

Muzokaralar fonida tomonlar o‘rtasida keskin bayonotlar ham yangradi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eron «Hizbulloh»ga bosim o‘tkazmasa, zarbalar qayta tiklanishi mumkinligini bildirdi. Bunga javoban Eron delegatsiyasi rahbari Muhammad Boqir G‘olibof mamlakat qurolli kuchlari har qanday tahdidga javob berishga tayyorligini ma’lum qildi.
 
Muzokaralardan so‘ng Eron delegatsiyasi AQSh vakillari bilan qo‘l berib ko‘rishish va qo‘shma fotosuratga tushish marosimida qatnashishdan bosh tortdi.
 
Eron yadroviy dasturi ham kun tartibidagi muhim mavzulardan. Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Darning ma’lum qilishicha, Vashington dastlab Eronning yadroviy materiallar zaxiralarini mamlakatdan olib chiqishni taklif qilgan. Tehron esa mamlakatning tinch maqsadlarda uranni boyitish huquqidan voz kechmasligini ta’kidlamoqda.