“Sof obunaga erishaylik”
Xalq ta’limi vazirligida o‘tkazilgan an’anaviy avgust kengashining respublika o‘quv-amaliy seminarida yangi o‘quv yilida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, deya xabar qiladi marifat.uz.
Tadbirda mutasaddilar tomonidan o‘qituvchi manfaatini himoya qilish hamda uning mas’uliyatini oshirishga doir takliflar berildi. Jumladan, o‘quv yilini ozoda binoda, saranjom-sarishta maskanda kutib olishni istagan pedagogik jamoa maktab hovlisini obodonlashtirishga intilishi va bu boradagi ayrim noxush gap-so‘zlar haqida so‘z bordi. Bunday vaziyatda ayrim pedagoglar majburiy mehnatga jalb qilinayotgandek shikoyat qilayotgani bor gap. Biroq yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishda tozalikni ta’minlashning qanday nomaqbul jihati bor? To‘g‘ri, muallim ko‘cha supurib, paxta dalasiga chiqib yurmasligi kerak. Agar maktab hisob raqamida mablag‘i bo‘lsa, qo‘shimcha ishchi kuchi yollashi mumkin.
Seminarda obuna masalasiga ham qisqacha to‘xtab o‘tildi.
- O‘tgan yili majburiy obunani bartaraf etishga harakat qildik, — dedi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov. — Mana, yana obuna mavsumi yaqinlashib kelyapti. Bu yil majburiy obuna o‘rniga sof obunaga erishaylik. Sizlardan so‘rardimki, bu vaziyatda qaysidir maktab direktori yoki tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga jazo berish bilan shug‘ullanmang. Yangi o‘quv yilida “Sof obuna yili”ni o‘tkazaylik.