Keyingi besh yilda gazeta va jurnallar tiraji 2 barobar qisqardi

Oliy Majlis Senatining 12 mart kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida 2020 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot bergan Adliya vaziri R.Davletovning ma’lum qilishicha, 1 gb mobil internet Hindistonda 950 so‘m, Isroilda 1200 so‘m, Qirg‘izistonda 2200 so‘m, Italiyada 4500 so‘m, Ukrainada 4900 so‘m, Qozog‘istonda 4900–5000 so‘m bo‘lsa, O‘zbekistonda (54-o‘rin) 16 000 so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, vazir tomonidan O‘zbekistonda 34 million aholi uchun 19 ta telekanal va 14 ta radiokanal mavjud bo‘lib, ularning 25 foizigina axborot yetkazish bilan shug‘ullanishi, qolganlarida esa ko‘ngilochar mavzular yoritilishi qayd etildi. Dunyo davlatlariga nazar tashlansa, AQShda 8 000 dan ortiq (aholisi 332 million), Rossiyada 3 300 ta (146 million), Buyuk Britaniyada 1 000 dan ortiq (68 million), Qozog‘istonda 90 dan oshiq, Belarusda 50 ga yaqin, Ukrainada 600 dan ko‘proq telekanal mavjud.

Adliya vaziri huquqiy axborotni keng aholi qatlamiga yetkazishda bosma OAV va kitoblarning ahamiyati muhimligini, Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-2019 yillar oralig‘ida respublikamizda chop etilgan kitob va broshyuralar birligi qariyb 600 taga, adadi esa 7 million nusxaga kamayganligi, gazeta va jurnallarning yillik tiraji shu muddatda qariyb 2 baravarga qisqarganligini ta’kidladi. Bu holat esa kitob bozorining yanada kichrayib, sohaning rentabelligi pasayishiga va asta-sekin so‘nib borishiga olib keladi.

Adliya vaziri o‘z axborotida huquqiy ma’lumotlar va axborotlar chop etilgan kitoblar, gazeta va jurnallar joylarga yetib borishi sust darajada ekanligini aytib, rivojlangan pochta xizmatini yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi. Xususan, so‘nggi to‘rt yilda “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning matbuot tarqatishdagi ulushi 13 foizni tashkil etmoqda. Pochta aloqasi yetkazib berish uchastkalari soni esa 4800 tadan 3571 taga, qishloq joylarda 2893 tadan 2062 taga kamaygan.

Bundan tashqari, Adliya vaziri tomonidan bosma, elektron gazeta va jurnallarni va kitoblarni aholining iste’mol savatchasi tarkibiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish lozimligi alohida ta’kidlandi.