Gazetaning elektron sotuvi qanday tashkil etiladi?
Bu savolga viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan seminar-treningda javob izlandi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat, shahar va tuman gazetalari muharrirlari, gazetalarning bevosita sayt bilan ishlovchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Raupov, “YURIDA NYSA” xususiy korxonasi rahbari Akrom Shukurov gazeta-jurnallarning elektron matn ko‘rinishidagi savdosini tashkil etish bo‘yicha ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Platformaga maxsus kod orqali kirilishi, kuzatib borilishi, muhimi tahririyatga moddiy manfaat keltirishi ta’kidlandi.
Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlari “YURIDA-ORFO” dasturi hamda korxonaning asosiy faoliyat maqsadi bilan tanishtirildi. Gazetalarga elektron obunaning afzalliklari tushuntirildi, bu kelajakda gazetaning adadi oshishiga va keng tarqalishi uchun imkon yaratilishi aytib o‘tildi.
- Mazkur elektron platformani mustaqil davlatlar hamdo‘stligi orasida birinchilardan bo‘lib tashkil etdik, - deydi A.Shukurov. - Bundan ko‘zlangan maqsad respublika bo‘yicha chop etilib kelinayotgan gazeta va jurnallarda berilayotgan maqolalar, axborotlar, turli janrdagi materiallar haqida nafaqat yurtimiz aholisini, balki xorij mamlakatlarida o‘qiyotgan, ishlayotgan va yashayotgan vatandoshlarimizni ma’lumot bilan ta’minlashdan iborat. Chunki hozirda viloyat yoki tuman gazetasi sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma’lumotlar asosan o‘z hududimizda tarqalyapti, xolos.
Husan Eltoyev.