27 iyun - Matbuot va OAV xodimlari kuni: Har gulning o‘z hidi bor
Ulfatlar davrasidagi gurung
Tanish-bilish va ulfatlar davrasidagi bir suhbatda “Bugungi kunda bizda jurnalistikadagi ahvol qanday?” degan savol berishdi.
- Yaxshi, el qatori, - deb javob berdim.
- Yaxshimas-ov, - deb gap oldi davradagilardan biri.
- Televizor gazetalarni “sindirdi”.
- Bu gapingiz unchalik to‘g‘ri emas, - e’tiroz bildirdim men. - Televideniye ham ommaviy axborot vositalaridan biri.
- Baribir televideniye gazetalardan o‘zib ketdi, - deya davom etdi u.
Indamadim. Indaganda ham nima deya olardim. Unga javob qaytarish o‘rniga bosma nashrlarga munosabat bo‘yicha o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqea xayolimga keldi.
O‘qish uchun emas, taxlam uchun kerak
Shaxsiy ish bo‘yicha davlat idoralaridan biriga borib qoldim. Kasbim taqozosi tufayli yoki qiziqish ustun keldimi, ko‘zim qabulxona bir burchagidagi chang bosib yotgan gazetalarga tushdi. “Eh-he, - dedim gazetalarga ishora qilib, – tog‘ bo‘lib ketibdi-ku. Ularni o‘qimaysizlarmi? Hech bo‘lmasa, xodimlarga, gazetaga qiziquvchilarga tarqatmaysizlarmi?
- O‘qishmaydi, - javob qildi kotiba. – Ularni muqovalab, taxlam qilish uchun saqlab o‘tiribmiz.
Uning bu beparvo gaplaridan ham jurnalist sifatida o‘zimga, ham shu idora mutasaddilariga achinib ketdim. Va o‘yga toldim: nega gazetalar o‘qish uchun, yangiliklardan, voqealardan xabardor bo‘lish uchun emas, faqatgina taxlam qilib qo‘yish uchun kerak bo‘lib qoldi. Bosma nashrlarning bu ahvolga tushishiga kimlar yoki nimalar sababchi?
G‘arbga bir nazar
Agar yurtimizning qaysidir hududida bosma nashrlar, boshqacha aytganda, gazetalar o‘qish uchun emas, faqat taxlam uchun chop etilayotgan bo‘lsa, nimaga dunyoning rivojlangan mamlakatlarida gazetalarga chanqoqlik hali-hanuz yuqori. Nima uchun, aytaylik, yevropalik yoki arab mamlakatlarining aksariyat fuqarolari ertalabdan ishini gazeta o‘qishdan boshlaydi. Bu xil mamlakatlarda gazeta nari tursin, hatto qalin-qalin jurnallar ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Nega, axir, nega?
Ana shu “nega”larga men ancha vaqtdan buyon javob izlayman. Va nihoyat ojiz fikrim doirasida bir xulosaga keldim.
Bosma nashrlar o‘rtasida raqobat kerak
Abdushukur Muhammadqulov degan tanishim bor. Uzoq yillar partiya va davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan. Yangiliklarga, ayniqsa, gazeta mutolaa qilishga juda o‘ch. Muxbirlik paytlarimda yozgan maqolalarim “Zarafshon” gazetasida bosilib chiqqanini hali o‘zim o‘qimay turib, u kishidan telefon orqali eshitar edim. Demak, gazetaga, avvalo, qiziquvchan va sodiq o‘quvchi kerak. Bunday o‘quvchini jalb qilish va ko‘paytirish uchun esa gazeta tezkor hamda o‘qishli bo‘lishi lozim.
Bugungi kunda chop etilayotgan gazetalar ana shu ikki talabga javob bera oladimi? O‘qishlilik nuqtai nazaridan baholi qudrat “ha”, deb javob berish mumkin. Ammo tezkorligi xususida, afsuski, bunday deb bo‘lmaydi. Ya’ni, tezkor yangilik bilan gazeta orqali juda kech tanishamiz. Shu nuqtai nazardan yuqorida aytib o‘tgan ulfatimizning televizor gazetadan o‘zib ketdi, degan gaplariga qo‘shilganday bo‘lib qolasan, kishi.
Yo‘q, unday emas. Gazeta ortda qolmagan. Yengilmagan, faqat u uzoq yillar davomida bir qolipdagi yo‘lda chopaverib, chopaverib, biroz toliqqan, xolos. Unga ozgina turtki, ozgina dalda berilsa kifoya. Yana oldingi o‘ringa chiqib oladi. Endi, bu niyatning amalga oshishi gazetalar jilovini tutgan, egarida o‘tirgan “chavandoz”largan bog‘liq.
Vaqti kelar, gazetalar kechki va ertalabki holatlarda chop etilar, vaqti kelar, axborotni tinim bilmay, mashaqqat bilan qidirib topgan jurnalist xuddi Amerikani kashf etgan Kolumbday ulug‘lanar va mana shu ikkita niyatning amali yo‘lida bosma nashrlar o‘rtasida axborot talashish, kimo‘zar poygasi boshlanar. Ana shunda ko‘rasiz gazetaning kuchini, qudratini.
Xulosa
Jamiyatga, odamlarga ommaviy axborot vositalarining barcha turi birday kerak. Ayniqsa, hozirgi tezkor va talabchan davrda ular juda zarur. Ularning har birining o‘z vazifasi, davr oldiga qo‘ygan talabi bor. Ayni paytda ana shu vazifa, talab yo‘lida axborot olish va tarqatish poygasi davom etishi tarafdorimiz. Ularning birini xushlash, birini rad etish insofdan emas. Aytishadi-ku, har gulning o‘z hidi bor, deb...
Sulaymon Husainov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.