“Bulung‘ur hayoti” gazetasi ilk soni chop etilganiga 90 yil bo‘ldi
Bulung‘ur tumani "Bulung‘ur hayoti" gazetasining 90 yilligi munosabati bilan tuman hokimligida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Dastlab tadbirga taklif etilgan tuman va shahar gazetalari muharrirlari, viloyat, respublika OAVlari muxbirlari fotojurnalist Rabbim Hotamovning foto ko‘rgazmasini tomosha qildi.
Tadbirga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, senator Farmon Toshev ishtirok etib, gazeta tarixi hamda u bilan bog‘liq qiziq voqealarni esga oldi. Gazetaga mehrini bergan va uni chop etilishida katta hissa qo‘shgan ustoz jurnalistlar yod etildi.
- Ilk maqolam "Bulung‘ur hayoti" gazetasida chop etilganida men maktab o‘quvchisi edim, - deya esladi O.O‘sarov. – Maqorlamni birinchi bo‘lib maktabimiz direktori o‘qib, meni xonasiga chaqirgandi. Ming xayolda xonasiga kirganimda gazetani qo‘limga tutqazib, "Baralkalla!", degandi. O‘zimda yo‘q xursandchilik bilan gazetani mahkam tutib uyga yugurganman. Shundan buyon gazetaga mehrim bo‘lakcha. Albatta, keyingi paytda tuman hokimligi tomonidan mazkur gazetaga qaratilayotgan e’tibor va berilatgan imkoniyatlari tahsinga loyiq. Tahririyat uchun alohida bino qurib berilishi, xodimlarga yetarli sharoit yaratilishining o‘ziyoq gazetaning umri boqiyligidan darak.
Tadbir davomida gazetada faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar, jamoatchi muxbirlar tuman hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasining tashakkurnomalari, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, uyushmaning viloyat bo‘limi, tahririyatlarning sovg‘alari berildi.
Tadbir yakunida tuman hokimligi va tahririyat hamkorligida chop etilgan "Vatan ichra Vatan" nomli bulung‘urlik ijodkorlarning bayozi kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Husan Eltoyev.