Samarqandda “Ishonch” - "Ishonch doveriye” gazetasi kunlari o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashida ushbu gazeta ijodiy jamoasi gazetxonlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov kundalik hayotimizda vaqtli matbuotning tutgan o‘rni xususida, “Ishonch” - "Ishonch-doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov bugun bosma nashrlar oldida turgan vazifalar xususida so‘z yuritdi.

- Respublika nashrlari orasida “Ishonch” va “Zarafshon” gazetalarini sevib qo‘lga olamiz, - dedi mehnat faxriysi Yaxshinor Allayorov. - Bizning Samarqand davlat tibbiyot universiteti pedagog xodimlaridan tortib, talabalargacha bu nashrlarda chiqayotgan maqolalarni qiziqish bilan o‘qib boradi. Nashrlardagi o‘ziga xoslik, uslubiy yondashuv bugungi kun talablari darajasida, deya ayta olamiz. Bugun noshirlarga ham tahririyatlar ijodiy jamoalariga hech bir e’tirozimiz yo‘q. Ammo ochiq aytish kerak, yetkazib berishda muammolar talay. Ba’zi hollarda sevimli nashrlarimizni haftalab kutib qolishimizga to‘g‘ri kelyapti. O‘ylaymizki, yetkazib berishdagi muammolarga ham barham beriladi.

Tadbir doirasida “Ishonch” - "Ishonch doveriye” gazetalarining bir guruh faol mushtariylariga tahririyat estalik sovg‘alari topshirildi.

Nurilla Shamsiyev.