Ishtixonda ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

Ishtixon tumanida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Ishtixon ovozi” gazetasi muharriri Gulchehra Usmonovaning mehnat faoliyatiga 50 yil bo‘lganligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda musahhihlikdan bosh muharrirlikkacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan G.Usmonovaning uzoq yillik samarali mehnatlari tufayli “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘lganligi, “Mo‘’tabar ayol” va “Mehnat faxriysi”, shuningdek, mustaqilligimizning 15 hamda 20 yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanganligi e’tirof etildi.

Tadbirda viloyat hokimining tabrigini hokim maslahatchisi Sh.Temirov o‘qib eshittirdi. Shuningdek, so‘z olgan Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sh.Negmatov, tuman hokimi F.Ro‘ziyev, shoira X.Bobomurodova, yozuvchi T.Eshbeklar “Ishtixon ovozi” gazetasi tarixi, uning sahifalarini rang-barang qilishda bosh bo‘lib kelayotgan G.Usmonovaning bosib o‘tgan sermahsul ijod yo‘li va yutuqlari haqida fikr bildirdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, tuman hokimligi va qator tashkilot hamda shogirdlarining tashakkurnomalari, esdalik sovg‘alari topshirildi.