Qozog‘istonlik bir guruh jurnalistlar Samarqandga keldi

Ushbu mamlakatning Turkiston viloyatida 2 milliondan ziyod aholi istiqomat qilsa, ularning aksariyatini o‘zbeklar tashkil etadi. Shu bois bu yerda keyingi yillarda "Janubiy Qozog‘iston", "Chimkent ovozi", "Jamiyat va ma’rifat", "Janub jarchilari", "Diyor axboroti", "Maktabdosh", "Robita" kabi o‘zbek tilidagi gazetalar chop etib kelingan.
Ular orasida "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi alohida o‘ringa ega. Turkiston viloyatining bosh nashri hisoblangan mazkur gazeta Qozog‘iston mustaqillikka erishgan yil - 1991 yildan chop etib kelinmoqda. Bugungi kunda ushbu nashr 11 ming 400 nusxada bosilib, viloyatning bitta shahar va yettita tumaniga tarqatilmoqda.
"Janubiy Qozog‘iston" gazetasi jamoasi dastlab Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy maskanlar, tabarruk qadamjolar hamda keyingi yillarda ko‘hna kentda bunyod etilgan inshootlarni tomosha qildi. So‘ngra viloyat Matbuot uyida bo‘lib, Samarqand matbuoti, uning tarixi, viloyat gazetalari faoliyati, tajribasi bilan tanishdi. "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev ularga viloyat matbuoti bilan bog‘liq tarixiy va bugungi o‘zgarishlarni gapirib berdi.
- Samarqand nafaqat o‘zining tarixiy obidalari va ziyoratgohlari, balki jurnalistikasining tarixiyligi bilan ham ahamiyatli, - deydi "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi bosh muharriri Rayimjon Aliboyev. – Viloyat matbuot muzeyida Samarqand jurnalistikasining tarixi, rivojlanish bosqichlari, 100 yil oldin foydalanilgan fotoapparatdan tortib, qalamdonlargacha saqlangani bu sohaga qaratilgan yuksak e’tibor namunasidir. Ochig‘i, bundan 10 yilcha avval hamkasblarimiz "Zarafshon" gazetasining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, Turkistonga "Biz "Zarafshon"danmiz" deb nomlangan kitobni olib borishgandi. Unda Mahmudxo‘ja Behbudiydan tortib, mustaqillik yillarida gazeta muharriri bo‘lgan Mardi Nuriddinovgacha ijodiy faoliyat yuritgan jurnalistlarning maqolalarini o‘qib, undan zavq va albatta, tajriba olganmiz. Kitobda chop etilgan o‘tkir fikrli maqolalarni gazetamiz sahifalarida ham chop etganmiz.
Mehmonlar «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati hamda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi faoliyati, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o‘zaro tajriba almashdi.
Shu yilning 1 mayidan Qozog‘iston aviakompaniyasi tomonidan Samarqand va Turkiston shaharlarida muntazam aviaqatnovlar boshlanishi, buning natijasida hududlar o‘rtasidagi nafaqat iqtisodiy aloqalar yoki turizm sohasini rivojlantirish, balki matbuot yo‘nalishi va ijodiy hamkorlik qilishda ham ulkan imkoniyatlar yaratilishi e’tirof etildi.