Faxriyor she’riyati biz ko‘nikkan an’anaviy lirikamizdan farqli

Bu so‘z taniqli shoir Faxriyor tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlab Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda ko‘p bor aytildi.

Uchrashuv-tadbirda taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev, Nazar Eshonqul, tarjimon va publitsist Aziz Said hamda adabiyotshunoslar, ijodkor yoshlar va talabalar ishtirok etdi.

Ijodiy uchrashuv ishtirokchilari shoirning “Dardning shakli”, “Ayolg‘u”, “Geometrik bahor” she’riy to‘plamlari, “Yangilanish an’analari” publitsistik maqolalar to‘plami, shuningdek, ijodkorning shaxsiy sifatlari haqida gapirdi.

- Faxriyorni, avvalo, shaxs sifatida tanib olmas ekansiz, uning asarlari, she’rlarining mohiyatini anglay olmaysiz, - deydi taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st. – Ish faoliyatimda uning shaxsiy qirralarini, vijdoni butun insonligini ko‘p marta kashf etganman. To‘g‘ri, ba’zi o‘rinlarda, xususan, biror lavozimga tavsiya etilganida uning bu xislati pand bergan bo‘lishi mumkin. Ammo bu faziati Faxriyorni shaxs sifatida, yetuk ijodkor bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Bugungi ijodiy uchrashuv ham uning nafaqat ijodiy yutuqlariga, balki shaxsiy fazilatlariga ham daxldor.

Faxriyor she’riyati biz ko‘nikkan an’anaviy lirikamizdan farqli. Ijodkorning she’riyatdagi, adabiyotdagi yo‘li faqat uning o‘zigagina xos yo‘ldir. She’rlari modernistik, postmodernistik yo‘nalishda ekani bilan birga, o‘zbek she’riyatining eng go‘zal va qadimiy an’analariga sodiq qolgan, ona tilimizning bor jozibasini, go‘zalligini o‘zida ifoda etgan betakror she’riyat.

- Ijodkorning asarlarini, she’rlarini shunchaki o‘qiy olmaysiz, - deydi o‘z chiqishida adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. - Uni o‘qish uchun alohida intellektual tayyorgarlik zarur. Uning birgina satr she’riga bir necha sahifa izoh, sharh yozish mumkin. Xususan, “Omonimona” she’rida shunday satrlar bor:

Ko‘ngil,

Ko‘ngil!

Ko‘ngilsizlikka,

Ko‘n, gulsizlikka.

Ba’zi o‘rinlarda shoir ko‘nglining eng nozik sezimlarini anglatmoq uchun so‘zning shakliy imkoniyatlariga tayanadi. Tajnis san’atiga xos bo‘lgan badiiyatni vujudga keltiruvchi so‘zlarni yordamga chaqiradi. Faxriyor saylanmasining «Ayolg‘u» nomi bilan atalishi ham tasodifiy emas. «Ayolg‘u» so‘zi qadim cholg‘u asbobining nomi; lug‘atlarda qayd etilishicha, sof turkiy o‘lan, ashula, yalla, kuy, ohang, ta’sirli qo‘shiq, degani. Avvalo «Ayolg‘u» nomi bilan atalgan dostonni, qolaversa, shu nom bilan chiqqan saylanmadagi boshqa doston va she’rlarni o‘qisangiz, «sof modern» ko‘rinishidagi deyarli barcha asarlar qa’ridan aks-sado berib turgan qadim ayolg‘u navolarini tuyib-eshitib turasiz. O‘zbek modernizmi boshqalarga taqlid mahsuli emas, u o‘ziga xos milliy adabiy hodisa. Turkiy xalqlarimiz adabiyotini, qo‘lyozmalarni varaqlab ko‘rganimizda ham shu holga duch kelamiz: ajdodlarimiz aruzdan avval, hatto barmoqdan ham avval sochmalar shaklidagi erkin vaznlardan foydalanishgan.

Ijodkor zamonaviy o‘zbek she’riyatining mohir tarjimoni sifatida ham salmoqli mehnat qilyapti. O‘zbek adabiyotini jahonga tanitish yo‘lida 80 ga yaqin o‘zbek shoirlari she’rlarini rus tiliga tarjima qildi.

- Biz adabiyotning fundamental vazifasini odob yoki insonning ichki dunyosini kashf qilish bilangina chegaralamoqchi bo‘lamiz, - deydi shoir ijodiy uchrashuvning maqsad va mohiyati haqida fikr bildirib. -  Vaholanki, uning talqinidagi obrazlar, tashbehlar har qanday o‘quvchi uchun fikr, hatto kashfiyotlarga yetaklovchi g‘oyalar generatori, fantaziya va ilhom manbai sifatidagi amaliy ahamiyatiga ko‘p ham e’tibor qaratmaymiz. Bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan televizor bir zamonlar klassik adabiyotda “oynai jahon”, ya’ni g‘oya sifatida mavjud edi. Yoki folklordagi uchar gilamlarni eslang. Bu imkoniyatlardan kengroq foydalanish bugungi yosh ijodkorlarning oldida turgan muhim vazifalardan biri.

Ijodiy uchrashuvda shoir she’riyatining o‘ziga xosligi xususida so‘z yuritildi, talabalar bugungi o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari bilan bevosita muloqotda bo‘ldi.

Sulaymon Mardiyev.