Faxriyor: “It hurar, karvondan darak yo‘q, ammo”

Faxriyorning she’riyatida “ko‘ngil”, “dard”, “armon”, “sog‘inch” tarki dunyo qilgan qalandarlarga o‘xshaydi – halol kun ko‘rish ilinjida dunyo kezib yurgan sargashtalardek. U bir she’rida “tahrir qilib bo‘lmas sog‘inchni” deydi. Chindan ham uni tahrir qilish imkonsiz. Badiiy asarni, maqolani tahrir qilish mumkin, sog‘inch iztirobi esa bu udumlarga bo‘ysunmaydi. Sog‘inch o‘zining iztirob va ingroqlari, shevayu shivirlari bilan bir butun. Faxriyor she’rga sog‘inchga qaragandek yondashadi. Yolg‘ondan sog‘inib bo‘lmaganidek yolg‘ondan yozib ham bo‘lmaydi. She’r ham aslida sog‘inchdan yaraladi. Kimningdir yo nimanidir sog‘inchidan. Dardning mazmuni va shakli bor, deydi shoir. Xuddi shu singari sog‘inch ham uryon emas..

Gunoh erur endigi sog‘inch,

Garchi sog‘inch sotqinlik emas.

Xiyonat ham emas bu sog‘inch,

Demak, menda gunoh yo‘q, demak.

Faxriyor she’riyatida qo‘llanish darajasi muntazam bo‘lgan so‘zlar qatori mavjud. Bular – ko‘ngil, dard, sog‘inch, ko‘zyosh, gul, tosh, erk, gunoh, baxt, muhabbat, yurak, armon kabi so‘zlar va bu so‘zlarning ichki mazmunini ochishga yo‘naltirilgan tushuncha-tasavvurlarning rangin manzaralari. Masalan, tosh detali. Bunda tosh shunchaki tosh emas, balki poetik g‘oya yukini tashiyotgan obraz, ramz, metonimiya, metafora, sifat.

Shoir Xatirchining  Sangijumon qishlog‘ida tug‘ilgan. She’rlarida ko‘p bor tilga olingan Sangijumon – tebranayotgan xarsang degani. She’riyatida takrorlanib turadigan “tosh” ramzi unga bolaligidan tanish va sinashta bo‘lgan o‘sha xarsangtoshlarning ongostida saqlangan belgilari bo‘lsa, ajab emas. “Sirtiga suv yuqtirmagan tosh”, “Sariqlik tosh rangi”, “Odam taroshlamoq bo‘lsangiz toshdan…”, “Nimaningdir oldida tosh bor, // Nimadir bor toshning ortida”, “Armonlar yurakka tosh bo‘lib cho‘kdi”, “Tog‘larni larzaga keltirar// Faqat yumalagan tosh”, “Toshlar qilar kalaka qiqir-qiqir qiqirlab” va boshqalar.

Muhabbatning ko‘ylagi oqdir,

uni har tun tushlarimda kiyasan.

O‘ngimda esa…

Toshning oqligiga qarab yig‘layman.

Biroz o‘ylagach, kitobxon toshmas, ko‘ngli qattiq yor haqida so‘z borayotganini anglay boshlaydi.

Faxriyor she’rlarida ko‘zga tashlanib turuvchi jihatlardan yana biri unda yillar, asrlar elagidan o‘tgan ibora, maqol, hikmatli so‘zlar, frazelogik birikmalarni yangicha talqin qilishda ko‘rinadi.

“Yozning chanqog‘ini ko‘rib,// Xijolatdan yerga kirib ketgan quduqlar”, “Ko‘kdan tusholmagan biror bir xumsa// She’riy zinalardan zaminga tushsin”, “Agar u sho‘r bo‘lsa, bizning sho‘rimiz,// Agar u oq bo‘lsa, demak, qurigan”, “Oyni etak bilan yopishni bizga// Maqol emas, shior o‘rgatar”, “Tun kimning baxtiki, bunchalar qaro”, “It hurar, karvondan darak yo‘q, ammo”, “Hafsala kun yetib,// pir bo‘ldi oxir”, “Uzilib yotar bir enlik umid”, “Mening to‘rtta xotinim bordir//to‘rtovining oti ham qibla”, “Tong o‘rniga qayg‘ular otar” kabi. Bu esa bizning ongimizda saqlanib kelayotgan turg‘un tushunchaning ma’no va qamrov doirasini kengaytiradi, tasvirlanayotgan ruhiy holat yo kechinmaning yangi qirrasini ochishga xizmat qiladi.

She’r balandparvoz, osmono‘par xayoliy mavhumot emas, balki shu o‘zgarayotgan turmushimizning, fikr tarzimizning, kiyinishimiz va yurish-turishimizning ramzi. Masalan, modalar ko‘rgazmasida tan olingan yangilik asta-sekin urfga aylanadi. Shu singari she’r ham o‘zgarib, yangilanib boradi. Shakl o‘zgarishi hamishayam shunchaki shakl o‘zgarishi bo‘lib qolavermaydi, shakliy o‘zgarish degani bu mazmunning ham o‘zgarishi va yangilanishidir. Ko‘plarning ko‘nglidan joy olsa, fikr g‘oyaga aylanadi. 70-yillar shoirlar avlodining bosh a’moli  erku ozodlik g‘oyalari edi. Bugungi she’riyatni esa undan keyingi jarayonlarning ichki holati, iqlimi qiziqtiradi. Asar mazmuniga kecha qo‘yilgan talablar bugun ham o‘zgargani yo‘q. Hozir ham mazmundan salmoqdorlik, universallik, haqqoniylik, originallik, ta’sirdorlik talab etiladi. Ixchamroq aytganda, NIMAni QANDAY aytish yo‘l-yo‘rig‘i o‘zgardi. Kechagi she’r siyqasi chiqqandek tuyuladigan do‘stlik mavzuida hamdu sano o‘qigan bo‘lsa, bugungi she’r do‘st bormikan deya savol qo‘yyapti.

…sotar bir do‘stim meni

chakana narxda

shukur

xaridorim bor ekan

mening ham.

Shakl narsaning mohiyatini qisman ko‘rsatishi mumkin. U ba’zan aldamchi xarakterga ega bo‘ladi. Go‘yoki jodugar kampir chiroyli qiz qiyofasida ko‘ringandek. Shakl va mazmun bir butun hisoblansa-da, ulararo nisbiylik mavjud. Shoirning lirik qahramoni ana shu nisbiylik zamiridagi mohiyatni ko‘rmoqchi. Shaklning mazmunga muvofiq yo nomuvofiqligini ko‘rish istagi bu she’riyatning o‘zak masalalaridandir.

Faxriyorning lirik qahramoni intellekti baland, shaxs sifatida shakllangan. Olamga va odamga ochiq ko‘z bilan qaraydi. Har bir masalada uning shaxsiy qarashlari va nuqtai nazari bor, davrning o‘tkinchi shamollariga qarab yo‘nalishnio‘zgartiravermaydi.

Faxriyor uslubida bo‘rtib ko‘rinuvchi jihatlardan yana biri masalaga kinoyaviy munosabatida ko‘zga tashlanadi. Yuqorida eslatilgan  “Do‘st” she’rida ham bu kinoya qiyofasizlik illatini ko‘rsatishga  qaratilgan bo‘lsa, “Bevaqt ko‘z ochgan Bahodir” she’rida o‘zigacha bo‘lgan adabiyotda ibrat namunasi qilib ko‘rsatilgan adabiy qahramonlarga postmoderncha munosabat bilan yondashuv bor.

Poetik uslubning qaror topishi ko‘plab omillarga bog‘liq. Nazarimda, Faxriyor uslubidagi ana shu omillardan biri kinoyaviylikning qaror topishida 70-yillar o‘zbek yozuvchilari avlodi, jumladan, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam nasrining adabiy ta’siri sezilarliroq. Kinoya o‘zining mutoyiba ohangi, so‘zni tejashi, fikrni ixcham ifodalashi bilan badiiyatning muhim bir uzviga aylanadi. Kinoyaviylik ko‘pincha turg‘un tushunchalarga yangicha munosabatdan yuzaga keladi.

Ma’lumki, bugungi doston o‘zining voqeaband o‘tmishdoshlaridan she’rga yaqinlashganligi bilan farq qiladi. Faxriyorning bu boradagi tajribalariga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Uning “Yoziq”, “Ayolg‘u”, “Muchal yoshi” dostonlari zamonaviy she’riyatimizning ajoyib namunalaridir. “Yoziq” – xayolotning rivoyatlar olamiga va insoniyat tarixiga sayohati, voqelikdan toliqqan ruhning, parokanda o‘ylarning, zo‘riqqan tafakkurning isyoni va izhori. Metaforik fikrlash tarzi tufayli tarixning butun-butun davrlari, yuz yilliklari qisqa-qisqa satrlarga jo bo‘ladi. So‘z o‘yinlari, metaforaning quyuqligi, fikr-kechinmaning zarbulmasal polifoniyasi dostonni diqqat bilan o‘qishni talab etadi.

Besh juft taxayyul sabog‘i va to‘rt tanaffusdan iborat “Ayolg‘u” turli xil uslubiy maneralar birikuvidan yaralgan simfoniyadek taassurot qoldiradi. Voqelikka goh tasavvufona dunyoqarash, goh baxshiyona ohang, goh moderncha munosabat bir-biriga uyg‘unlashib, kompozitsion yagonalikni yuzaga keltirgan.

Oy

yuzing dog‘lariga qarab yig‘ladim, - deb boshlanadigan dostonda oyga qiyoslangan rang-barang ramzlar, detallar, so‘z o‘yinlari mavjud: yarim oy arab alifbosidagi nun (ﻥ)ga, sahrodagi qayiqqa, beshikdagi bolaga, turkiylarning mifologik ramzi ko‘kbo‘riga, qovurg‘aga, nahangga, sirtmoqqa, qurib qolgan ummonga, oyboltaga, uzukka qiyoslanadi va shu tushunchalar ifoda etadigan mif, rivoyat, tarix, hayot haqiqati kecha, bugun, ertangi kun ko‘zgusida akslantiriladi, ya’ni “qayg‘uga safar” boshlanadi.

Shoir boshqa asarlarida bo‘lgani kabi bu dostonini yozishda ham kitobxonning ongida va ongostida saqlagan, xotira qatlarida o‘rnashgan milliy, diniy, dunyoviy, tarixiy, adabiy ma’lumotlar, manbalar zahirasiga tayanadi. Masalan, asarda Boyazid Bistomiy eslanadi. Nima masalada gap ketayotganligini bilish uchun hech bo‘lmasa “Tazkirat-ul avliyo”dan xabardor bo‘lish kerak. Tuyg‘ular assotsatsiyasiga ulanib ketgan qizloq Rebekaning holatini tushunish uchun Gabriyeel Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” asarini mutolaa qilish lozim va hokazo. Dostonda eslatib o‘tilgan, ba’zan imo, ishora qilingan bunday tarixiy shaxslar, adabiy qahramonlar, ramziy obrazlar, diniy-falsafiy aqidalar juda ko‘p. Agar kitobxonda ruhiy tayyorgarlik bo‘lmasa, asar tushunarsiz bo‘lib qolaveradi.

Erix Fromm “Ozodlikdan qochish” asarida rivojlangan qator davlatlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tuzilmalarini tahlil qilib, bugungi insonning tabiatida mutelik va tobelik kayfiyati tobora ildiz otib borayotganini isbotlaydi. Faxriyorning she’rlaridagi ozodlik, erk faqatgina mazlumning zolimdan, bir xalqning o‘zga xalqqa bo‘lgan qaramligidan  qutulishnigina anglatmaydi, shu  bilan birga davr illatiga aylanib borayotgan ruhiy mutelikdan, fikrsizlik balosidan qutulishga undaydi.

Tuluk bordir ostida cho‘kayotgan osmonning

Zuluk bordir ostida cho‘kayotgan osmonning

Qulluq bordir ostida cho‘kayotgan osmonning 

Ko‘ktangrining qoshiga

Yetolmay qolgan yo‘lim

Hey tulugim, hey tulum

Hey tulugim, hey tulum

Shu bois bu she’riyatda tariqat pirlariga, ruhiy erk va ozodlikni kuylagan mutaffakkirlarga qayta-qayta murojaat qilinadi.

Qumsoatga mengzaydi odam,

Vaqt chopadi o‘z marrasiga.

Har soniya, tashlangan qadam

Oqib ketar qum zarrasiday…

O‘zlikni izlash azoblarini shoir izlam deydi.  Izlam – vaqt sahrosida millionlab qum zarralaridek sochilib ketgan o‘y-hayollaringni yig‘ib olishdir, “men”lik atalgan tayanch nuqtasini topishdir. “Izlam”, “Uchlanish”, “Sensizlik” kabi tushunchalarga qo‘yilgan yangi tashxis Faxriyorning tilimizga olib kirgan yangiligi. Abdulla Oripov “Olomon” so‘zining yangi ma’no qirralarini kashf etganidek, Ikrom Otamurod “Kangul” so‘ziga mumtoz ohang va musiqiylik jo etganidek, Faxriyorning ushbu yangiliklari ham kitobxon adabiy ongidan joy oldi.

Shoirning badiiy so‘zni tasviriy san’at bilan uyg‘unlashtirish orqali aql va hissiyotning, fikr va tuyg‘uning o‘ziga xos original izhorini yuzaga keltirayotganligini ham e’tirof etish kerak. “Ayolg‘u”da namoyon bo‘lgan  bu xucuciyat  “Geometrik bahor” turkumida o‘zining ajoyib ifodasini topgan.

Salvador Dali bir suratida inson portretini chizar ekan, uning ko‘zlarini qorniga joylashtirgandi. Bu – hayotga qorin ko‘zi bilan qaraydi, degani. “Geometrik bahor”da ham shunday tagma’noli kechinmalar surati borki, xayol bilan hayotni, tush bilan o‘ngni, mavhumot bilan konkretlikni, kutilganlik bilan kutilmaganlikni omuxtalashtirib yuborgan bu turkum syurrealist rassomlarning ijodini yodga soladi.

Bir ayol ishqiga bo‘yin sungan erk.

Mingta savdosi bor savdogar yurak.

Baxt bilan o‘rtada bitta eshik – berk

va bitta qanoat, udumga ko‘ra.

 

Zarar ko‘rmaslik uchun visoldan

hijrondan tikilgan himoya kiyim.

Sizni suyuntiradigan misoldan:

ko‘ngil bilan kuyib kul bo‘lgan uyim.

 

Ichilib bo‘lgan may. Paymona – yarim.

Chekkulik bir alam. Bir o‘y – surgulik…

Onajon, kuyinma, bularning bari

fojea emas, oddiy ko‘rgulik!..

Baxt abstrakt tushuncha, aniq va birbutun emas. Lahza va soniyalardan iborat umr yo‘llarining qay bir muyulishlarida uning izlari elas-elas ko‘zga tashlanib qoladi. Umuman, baxt va baxtsizlik talqini modern she’riyatning sevimli mavzularidan. “Biz hayotda go‘yoki abadiy motamda yashayotgandekmiz”, - deb yozadi Sh.Bodler. Agar hazrat Yassaviyning “Ota-ona qarindosh// Hech kim bo‘lmaydi yo‘ldosh” – satrlari, hazrat Navoiyning “G‘urbatda g‘arib…” deya boshlangan ruboiylarini yodga oladigan bo‘lsak, tasavvuf va modern adabiyot o‘rtasida bir qator mushtarakliklar mavjudligi ayon bo‘ladi. Faxriyor she’riyati, mening nazarimda, mana shu ikki buyuk bahrdan bahramand bo‘lgan o‘ziga xos ijod namunasidir.

                                    Shavkat Hasanov

Sh.Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori