Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti britaniyalik Abdulrazak Gurnaga topshirildi

Stokgolmda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti e’lon qilindi. Unga Zanzibar orolida arab oilasida tug‘ilgan 72 yoshli ingliz yozuvchisi Abdulrazak Gurna sazovor bo‘ldi.

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida Gurna musulmonlarga qarshi chiqishlar fonida Tanzaniyani tark etdi va Angliyada boshpana topdi. U yerda universitetda faoliyat boshladi. Gurnaning ona tili boshqa bo‘lishiga qaramay, adabiy debyutini ingliz tilida qildi. Yozuvchining birinchi romani - "Ketish xotirasi" 1987 yilda nashr etildi.

Nafaqaga chiqishdan oldin u Kent universitetining ingliz adabiyoti va postkolonial tadqiqotlar kafedrasi professori bo‘lgan.

Shved akademiyasida aytilishicha, mukofot nasr yozuvchisiga Afrikadagi mustamlakachilik oqibatlari, qochqinlar taqdiri va shaxsiyatiga ta’siri to‘g‘risida murosasiz va rahmdil mulohaza yuritgani uchun berildi.

Abdulrazak Gurna - hali ko‘p tillarga tarjima qilinmagan o‘nta roman muallifi. Uning eng mashhur asarlari: "Jannat", "Sukunatga maftun bo‘lish", "Dengiz bo‘yida", "Cho‘l".

Abdulrazak Gurna - adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari orasida Afrika qit’asining beshinchi vakilidir.

***

Darvoqe, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga jurnalistlar loyiq ko‘rildi.

"Novaya gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov (Rossiya) va tadqiqotchi jurnalist, “Rapler” nashri bosh direktori Mariya Ressa (Filippin) so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha qilgan mehnatlari uchun tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga loyiq deb topildi.