Kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning eng yaqin himoyachisi bo‘lishi kerak

Hech kim nohaqlik yoki adolatsiz qarorga chidamaydi. Atrofdagilar uning halol mehnatini qadrlamasa, ruhiy tushkunlik va noroziligiga sabab bo‘ladi.

Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkiloti esa ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish bilan birga xodimlar va ma’muriyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab kelmoqda. Chunki rahbariyatning barcha xodimlar muammolarini o‘rganishga imkoni yetmasligi mumkin. Boshlang‘ich kasaba uyushmalari esa ushbu muammolarni o‘rganib, ularning yechimi yuzasidan ma’muriyatga takliflar bilan chiqadi.

Kasaba uyushmalari tashkilotlarining ish boshlaganiga qariyb yuz yildan oshgan bo‘lsa-da, asosan bayram va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, sanatoriylarga yo‘llanma berish bilan shug‘ullanib kelgan. Endi bo‘lsa mazkur tashkilot har bir ishchi -xodimning himoyachisiga aylandi.

Prezidentimiz joriy yil 17 oktyabr kuni kasaba uyushmalari vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi alohida e’tirofga sazovorligini, buni keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilinib, ularning foydasiga 267 milliard so‘m undirib berilgani ham tasdiqlashini ta’kidladi. Ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘langanligi, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklanganligi qayd etildi.

Besh yil ilgari viloyatimizda tashkil etilgan boshlang‘ich tashkilotlar soni 3345 tadan 4212 taga, a’zolari soni esa 483 ming 471 nafardan qariyb 800 mingga yetdi. 2020 yilda 6515 nafar a’zolikka olingan bo‘lsa, joriy yilning 9 oyida 106 ming 880 nafar ishchi-xodim a’zolikka jalb etildi.

- Yaqinlargacha uyushmaga murojaat qilgan ishchi-xodimlarning 80 foizi sanatoriy va sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanma so‘rab kelgan bo‘lsa, endi ularning aksariyati huquqiy himoya masalasida murojaat qilmoqda, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Akbar Abdusaidov. - Hozirda eng ko‘p murojaat ishga tiklash, ish haqini undirish, ishsizlik masalalari, xotin-qizlar muammolariga tegishli bo‘lyapti. Bugun har bir xodim o‘z manfaatlar kuchli himoya ostida ekanligini his qilsagina, o‘zi va oilasi doimiy daromadga ega bo‘lishi, halol ishlab, shu tashkilotdan pensiyaga chiqishi mumkinligiga ko‘zi yetsagina chin dildan mehnat qiladi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat kengashiga jismoniy va yuridik shaxslardan bo‘lgan murojaatlar soni 145 tani tashkil qildi. Ularning 51 tasi huquqiy himoya, 39 tasi ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish, 6 tasi mehnat muhofazasi, 9 tasi kasaba uyushmalari tashkiliy-huquqiy faoliyati hamda 13 tasi moddiy yordam bilan bog‘liq bo‘ldi.

Murojaatlar tahlil qilinganda, Samarqand shahridan (35 ta), Past Darg‘om tumanidan (20 ta), Paxtachidan (15 ta) berilganligini ko‘rdik. Shuningdek, kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lmagan shaxslardan ham 31 ta murojaat kelgan. Bu holat kasaba uyushmalarining jamiyatdagi nufuzi ortib borayotgani va ularning faoliyati nafaqat a’zolar, balki keng jamoatchilik tomonidan ham ishonchli manba sifatida qabul qilinayotganligini anglatmoqda.

Kasaba ushmasiga kelib tushgan murojaatlarning 90 dan ortig‘i ijobiy hal etilgan, 55 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushuntirish berilgan. Mehnat qonunchiligi buzilganligi holati bo‘yicha kelib tushgan 91 ta murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganildi va 49 nafar ishchi-xodimning huquqlari tiklanib, qariyb 62 million so‘m mablag‘ undirib berildi.

Jumladan, Samarqand shahrida joylashgan “Tohir” MChJda ishlagan M.Hazratqulovaga tug‘ruq ta’tili pullari to‘lanmaganligi haqidagi murojaati o‘rganilib, kasaba uyushmasi aralashuvi bilan korxonadan murojaatchiga 36,4 million so‘m mablag‘ undirib berildi.

Keyingi yillarda davlat boshqaruvi organlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Xususan, xonadonma-xonadon yurib, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yordamga muhtojlarning muammolarini aniqlash va ularning yechimi borasida ham tashabbuskorlik ko‘rsatildi. Dastlab kam ta’minlangan aholining shart-sharoiti o‘rganilib, moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi.

- Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 894 nafar ishlamaydigan pensioner va sobiq xodimlarga 368 million so‘mdan ortiq, 424 nafar pensiya yoshidagi shaxslarga pensiyaga chiqishidan oldin biryo‘la moddiy yordam berishga ajratilgan 470 million so‘m kasaba uyushmalari mablag‘lari to‘lab berildi, - deydi Akbar Abdusaidov. - 297 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj sobiq ishchilarga bayramlar arafasida ajratilgan 180,9 million so‘mning 91,4 million so‘mi tashkilotimiz tomonidan berildi.

Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 117 nafar kam ta’minlangan va chin yetim talabalarga o‘quv shartnoma pullari qisman to‘landi. Jamoa shartnomalari orqali nodavlat mulk shaklidagi 121 ta korxona va tashkilotda mehnat qilayotgan 217 nafar bolali ayollarga oylik maoshi saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilandi.

Prezidentimiz har bir tashkilot va korxonada, kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkiloti tuzilsagina ishchi-xodimlarning manfaati himoyalangan bo‘ladi, deya bir necha bor ta’kidlab o‘tgan edi. Shu sababli federatsiyaning viloyat kengashi va viloyatdagi tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, barcha mehnat jamoalarida, aholi orasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan korxona, tashkilot va muassasalarda “Uch avlod”, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, sport musobaqalari va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, mehnat huquqi hamda mehnat muhofazasi mavzularida seminarlar o‘tkazilmoqda.

Dilmurod To‘xtayev.