Kafedra mudiri: ADABIYOT HAM FANMI?!.
Ilmli, ziyoli insonlarning barchasi birday qalbi go‘zal, xulqi xush, iymon-diyonatli bo‘ladi, deb o‘ylardim. Chunki dunyoda biror bir ilm yo‘qki, yomonlikni, yovuzlikni o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa...
Qolaversa, bunday xulosaga kelishimga oliy o‘quv dargohida ta’lim bergan barcha ustozlarim sababchi bo‘lishgan.
Poytaxtda doktorantura bosqichidagi tahsilim nihoyasiga yetmay, taqdir taqozosi bilan Samarqandga ko‘chib keldim. Ketma-ket bola tarbiyasi uchun ta’tillar bilan bo‘lib, ilmiy ishimga ham qo‘l tegmay, ancha payt chalaligicha navbat kutib yotdi. Biroq ilmiy ish qilishga bo‘lgan ishtiyoq bir lahza bo‘lsa-da, meni tark etgani yo‘q. Yillab miyamda charx urayotgan fikrlarni jamlab, muayyan bir tizimga solib, yuzaga chiqarish istagi tinchlik bermay boshladi. Niyatim maqsadga aylandi. Uni amalga oshirishim kerak edi. Shu niyatda nufuzli ilm dargohlaridan biriga madad istab bordim.
"Ish so‘rab keldim huzuringizga" deya kafedra mudiri, professor atalmish unvon sohibiga murojaat qildim. Kimsan, falon fanlari doktori, professor Falonchi Pistonchiyev salomimga durustroq alik olish u yoqda tursin, "Kim aytdi sizga bu yerda ish bor deb?" "Nega endi to‘g‘ri mening oldimga keladi hamma? Kim sizni bu yerga jo‘natdi?" deya jahl bilan bobillab berdi.
"Hech kim jo‘natmadi, agar o‘rtada biror kim bo‘lganda o‘zim kelmagan bo‘lardim", dedim. Doktorlik ishimning mavzusi adabiyotshunoslikka oid edi.
"Adabiyotshunoslik ham fan bo‘ptimi? Hamma savodsizlar, safsatachilar... Tilni bilmaysizlar! Fonema nima? Frazeologik birlik nima? So‘z birikmasi nima?"
Tushunmadim. Bu professor javob berishimni kutmayotgan edi. Holbuki, adabiyotshunos bo‘lsam-da, uning savollariga javobim tayyor edi. Domla esa yordam berishni ham, javob berishimni ham istamadi. Ustiga-ustak, bir fanni boshqasidan ustun qo‘yish, o‘zidan boshqalarni mensimaslik olimlik madaniyatiga to‘g‘ri keladigan ishmi?
"Qayerdan kelgan bo‘lsangiz, o‘sha yerga, kim jo‘natgan bo‘lsa, o‘shaning oldiga boring!" Ortimdan yangragan so‘zlar hanuz quloqlarim ostida aks-sado beraveradi.
Ko‘cha-ko‘yda, bozor-o‘charlarda ilm-ziyodan yiroq, kitob yuzini ko‘rmagan kimsalarning muomalasidan kuyinish, aslida, noo‘rin. Chunki ular muntazam ilm bilan shug‘ullanmaydigan kishilar. Ziyo maskanida chiroyli liboslarda zohir bo‘lib, ilmu toliblarga saboq beradigan, professor unvoni sohiblariga esa bunday muomala uyat emasmi?! O‘zim o‘qigan dargohdagi ustozlarimning halim xulqi, shogirdlarga bo‘lgan mehr-oqibatini qo‘msab qolaman. Hayot yo‘limdagi mana shu voqea menga juda qattiq ta’sir qildi. Professorlik ilmini o‘rganish mumkin, lekin insonlik maqomiga erishish mushkul. Bunchalar dilozor, qo‘pol, takabbur olim bo‘lgandan ko‘ra, yaxshi inson bo‘lish sharafliroq. Iqrorim, kelgusida ilmiy ishimni yoqlab, professor olim emas, ODAM bo‘lmoqchiman!
Zarina RAHMONOVA,
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti katta ilmiy xodim-izlanuvchisi.