“Turkiy adabiyot durdonalari”: 100 jildli to‘plamning "xamirturushi" Samarqandda qorilgan edi

Viloyat axborot-kutubxona markazida yuz jilddan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining taqdimoti hamda uni tayyorlashda ishtirok etgan ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 100 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlovchi ishchi guruh a’zolari — Adhambek Alimbekov, Tohir Qahhor, Risolat Haydarova, Shahlo Qosimova, shuningdek, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, senator Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov hamda viloyatdagi adabiy jamoatchilik vakillari va yoshlar  ishtirok etdi.

“Turkiy adabiyot durdonalari” nomli kitoblar turkumi Prezidentimizning Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining 2019 yil 15 oktyabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan 17-sammitidagi tashabbusiga muvofiq nashr etilgan.

Ushbu jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek,  Turkmaniston va Vengriya davlatlarining 11-21 asrlarga mansub jami 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan.

– Majmuani tayyorlash uchun 200 dan ziyod tarjimon, 100 dan ziyod adabiyotshunos va matnshunos olim, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etildi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bosh mutaxassisi, 100 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlovchi ishchi guruhning muvofiqlashtiruvchi koordinatori Risolat Haydarova. – 100 jildlikning 5 jildi umumiy adabiyotlar, 28 jildi o‘zbek adabiyoti, 5 jildi qoraqalpoq adabiyoti, 17 jildi turk adabiyoti, 16 jildi ozarbayjon adabiyoti 10 jildi qozoq adabiyoti, 9 jildi qirg‘iz adabiyoti,  9 jildi turkman adabiyoti va 1 jildi venger adabiyotini o‘z ichiga oladi.

Asarlar majmuasi dastlabki tarzda 200 ming nusxada chop etilgan.

- Samarqandda ushbu to‘plamning taqdimotini o‘tkazishimiz bejiz emas, - deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Adhambek Alimbekov. – Ma’joziy qilib aytganda, 100 jildli majmuaning "xamirturushi" shu ko‘hna shaharda qorilgan edi. To‘plam Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida ilk marta dunyo yuzini ko‘rdi. Davlatimiz rahbari ushbu sammitda 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini o‘zbek tilida nashr etilgani haqida ma’lum qilib, ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etilsa, qardosh ellarni, xususan, yosh avlodni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustakham zamin yaratgan bo‘lar edik, deb ta’kidlagan edi.

Taqdimot marosimi va ijodiy muloqot qiziqarli hamda kitob bayramiga aylanib ketdi.