Turkiy xalqlarning barchasi bir millat, bir oilaga mansub

Mahmud Koshg‘ariy turkiy xalqlarning ilk o‘rta asr madaniyati arboblaridan bo‘lib, tilshunoslik, xususan, turkiy tillarni o‘rganish sohasida mashhur bo‘ldi va tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Uning “Devonu lug‘atit turk” asarini o‘sha davrlarda turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin.

Muallif “Devon”ida bu haqda shunday deydi:

“Xudo davlat quyoshini turklar burchida yaratdi, falakning ham shular mulkiga moslab aylantirdi. Ularni turk deb atadi, mulkka ega qildi, ularni zamonamizning hoqonlari etib ko‘tardi. Zamon ahlining ixtiyor jilovini shular qo‘liga topshirdi, xalqqa bosh qildi, bularni to‘g‘ri yo‘lga yurishga qodir qildi. Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l – ularning tillarida so‘zlashishdir. Chunki ular bu tilda gaplashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, ularga o‘zlarini yaqin tutadilar, zarar bermaydilar. Men turklar, turkmanlar, o‘g‘uzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, lug‘atlarini to‘pladim”.     

Manbalarda Koshg‘ariy turkiy tillarga bag‘ishlangan ikkita yirik asar yozganligi qayd etiladi. Mazkur asarlardan biri “Javohirun nahvi fi lug‘atit turk” (Turkiy tillar sintaksisi javohirlari) nomi bilan, ikkinchisi esa “Devonu lug‘otit turk” (Turkiy tillar so‘zlari lug‘ati) deb atalgan. Biroq bu asarlarning faqat ikkinchisi bizgacha yetib kelgan. “Devonu lug‘otit turk” asari taxminan 1068-1074 yillar oralig‘ida yozilgan.

Tilni kishilar o‘rtasida aloqa vositasi sifatida, jamiyat hayotini aks ettiruvchi ko‘zgu sifatida tushungan muallif o‘zining mashhur “Devon”ida aynan bir davrga oid bo‘lgan turlicha turkiy tillar hodisalarini, faktlarini sinxron – qiyosiy metod asosida solishtiradi, taqqoslaydi. Mahmud Koshg‘ariy sinxron – qiyosiy metod bilan qurollangan holda turkiy qabilalarni kezib, asosiy diqqat-e’tiborini ularning tillaridagi umumiy va farqli xususiyatlarga qaratadi. Shuningdek, u turkiy qabilalarning joylashish o‘rni haqida ham qimmatli, asosli jug‘rofiy ma’lumotlar beradiki, bu “Devon”dagi faktlarning, fikrlarning, qarashlarning ob’yektivligini ta’minlaydi.

Mahmud Koshg‘ariy mazkur asariga o‘zi tuzgan dunyo xaritasini ilova  qiladi.  Xaritada mamlakat,  shahar, qishloq, tog‘, cho‘l, dengiz, ko‘l, daryo kabilarning nomlari yozilgan. Xaritada aks etmagan ba’zi bir nomlar  lug‘at matnida  izohlangan. Xarita asosan, Sharqiy yarim sharga to‘g‘ri keladi. Asarning bugungi kundagi ahamiyati haqida shuni aytish mumkinki, uni o‘rganish asnosida barcha turkiy xalqlar bir oila vakili ekani, qardosh, qarindoshligi zehnlarda yana bir bor qaror topadi. Devonda ko‘plab lug‘atlar borki, ular bugungi kunda Osiyo xalqlari orasida iste’molda mavjud va shu bilan birga aynan bir xil yoki bir-biriga juda yaqin talaffuz qilinadi.  Masalan, et - o‘zbek adabiy tilida go‘sht deb yuritilsa-da, lahjalarida et deyiladi. Turk va qozoq tillarida ham go‘sht “et” deb yuritiladi. O‘tloq - (yaylov) o‘zbek tilida “o‘tloq”, turk tili “otlak” deyilgan. Devondan bu kabi misollarni juda ko‘p keltirish mumkin.

Yuqorida keltirilgan lug‘atlardan ma’lum bo‘ladiki, turkiy xalqlarning barchasi bir millat, bir oilaga mansubdir. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. O‘zaro muloqotda tarjimonga ehtiyoj sezilmaydi. “Devonu lug‘atit turk” asarining bugungi kundagi muhim ahamiyatlaridan biri shu bo‘lib, turkiy xalqlarning bir oila vakili ekanini har dam va har vaqt bizlarga eslatib turadi. O‘zaro hamkor va do‘st-birodar, ahil-inoq bo‘lishga chaqiradi.

Usmonxon Muhammadiyev,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi.