Bugun hech kim ijodkorga “uni yoz, buni yoz” deb ko‘rsatma bermaydi
Adabiyot va san’atning insoniyat aqlu tafakkuriga, ruhiyatiga ta’siri beqiyos. Shu bois gumanistik g‘oyalar qaror topgan jamiyatlarda, inson qadr-qimmati e’zoz topayotgan, haq-huquqlari poydor bo‘layotgan mamlakatlarda ijod ahliga alohida e’tibor qaratilgan.
Globallashuv jarayonlari kechayotgan bugungi kunlarda, ayniqsa, yoshlar ongu tafakkuriga yot g‘oyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borayotganligi sir emas. Bugun jamiyatda adabiyot va san’atning roli har qachongidan ko‘ra yanada muhimroq mazmun kasb etayotganligi tabiiy hol.
Keyingi sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining nufuzi mustaqillikdan so‘ng 70 foizga ko‘paygan. Shuningdek, bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tish davrida muayyan bir ma’naviy, ma’rifiy bo‘shliqni yuzaga keltirganligi bir qator dolzarb muammolarni kun tartibiga chiqardiki, bular ijod ahli zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshiradi. Mazkur masalalarning ijrosini yo‘l-yo‘lakay hal etib bo‘lmaydi, albatta. “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezidentimiz Qarori bu boradagi dadil qadam bo‘ldi.
Keyingi to‘rt-besh yilda davlatimiz tomonidan ijodkorlarga qilinayotgan g‘amxo‘rliklar, jumladan “Ijod” jamoat fondining tuzilishi, ulug‘ adiblarimizning nomi bilan ataladigan ijodiy maktablarning tashkil etilishi, poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, viloyat markazlarida madaniyat va istirohat bog‘larining barpo etilishi, yosh shoir va yozuvchilarning birinchi kitoblari davlat hisobidan ko‘p ming nusxalarda nashr etilayotganligi va boshqa tadbirlar kelgusida adabiyotimiz rivojlanishini belgilab berishi shubhasiz.
Keyingi yillarda davlatimiz shaxsan Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar umummilliy uyg‘onish harakatini boshlab bergani bilan ahamiyatlidir.
Tarix – oliy hakam. Bugungi voqeligimiz go‘yoki shonli tariximizning mantiqiy davomidek tuyuladi. 150 yillik mo‘g‘ul bosqinidan so‘ng Amir Temurning tarix sahnasiga ko‘tarilishi Movarounnahr va Xurosonda ikkinchi Renessansni boshlab bergan edi. Xuddi shu kabi biz 125 yildan sal ziyodroq vaqt mobaynida navbatdagi bosqindan so‘ng istiqlolga erishdik. Mustaqillikdan keyingi qator yillar depsinish davri bo‘ldi. Tabiiyki, tafakkur qaramligidan qutulish ham oson kechmaydi. Shu bois ilm va ijod sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Har bir davrning o‘z g‘oyalari bo‘lganidek o‘z shakllari bo‘lishi ham tarixiy zaruratdir. Kechagi tuzumdagidek bugun hech kim ijodkorga “uni yoz, buni yoz” deb ko‘rsatma bermaydi. Ana shu erkinlik – ijodkorga berilgan oliy imtiyozdir. Hozirgi adabiyot mumtoz adabiyot hamda jahon adabiyotining hayotbaxsh an’analarini o‘zlashtirmoqda, yaratilayotgan asarlarda shu an’analarga sodiqlik ko‘zga tashlanmoqda. Inson kayfiyati, orzu intilishlari zamonni o‘zgartiradi, tabiiyki, zamondagi o‘zgarishlar adabiyotning yangilanishini ham talab etadi. Hozirga qadar yaratilgan badiiyat durdonalarini o‘qishga bir umr kamlik qiladi. Biroq bugungi adabiyot o‘z davrining badiiy solnomasi bo‘lib qolishi zarur. Shu uchun unda turli zamon va makonlarda ro‘y bergan voqea-hodisalar aks etayotgan bo‘lsa-da, bularning bari bugunning dardlari bilan uzviy bog‘langan. Chunki ijodkor ma’lum jamiyatda yashar ekan, eng avvalo, birinchi kuzatuv, o‘rganish, xulosa chiqarishni o‘z muhitidan oladi. Bu borada samarali ijod qilayotgan ko‘plab ustoz maqomidagi va o‘nlab yosh ijodkorlarning nomlarini e’tirof etish mumkin.
Shu ma’noda mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar va rag‘batlantirishlar yaqin orada o‘zining ijobiy va ijodiy hosilini berajagiga umid bildirish mumkin. Atoqli adib Abdulla Qahhor “Kelajakda o‘zbek adabiyoti buyuk adabiyot bo‘ladi”, deb bashorat qilgan edi. Nazarimda, ustoz san’atkor Istiqloldan keyingi davr o‘zbek adabiyotini nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas.
Shavkat Hasanov,
filologiya fanlari doktori.