Muallim albatta gazeta o‘qishi lozim

Prezidentimiz o‘tgan yil 30 sentyabrda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda: “Ayting-chi, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo‘shimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qo‘llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi. Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchi va domlalari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta o‘qimasligi bilan maqtanadigan bo‘ldi.

O‘zingiz bilasiz, dunyoda kompyuter texnologiyalari eng rivojlangan davlatlardan biri - bu Yaponiyadir. Lekin ushbu mamlakatda kuniga 3-4 million nusxada nashr etiladigan gazetalar borligiga nima deysiz? Aytmoqchimanki, hayotimizda radio-televideniye, internet bilan birga bosma nashrlarning ham o‘z o‘rni bor.

Bugungi kunda bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga, o‘qituvchi-professorlarga yetkazib berish ham jiddiy muammoga aylangan. Chunki bu borada matbuot tarqatish va pochta tizimining faoliyati mutlaqo talabga javob bermaydi”, degan edi.

Davlatimiz rahbarining ushbu gaplaridan xulosa qildimki, birinchi navbatda, mamlakatimiz ta’lim tizimining bosh nashri - “Ma’rifat” gazetasi materiallari maktablarda o‘qituvchilar tomonidan mutolaa qilinib, nashr pedagoglarning bahs-munozara minbariga aylanishi lozim.

Ijodiy qobiliyatini yanada rivojlantirish maqsadida maktab o‘quvchilarining o‘qigan asarlari haqidagi fikr-mulohazalari, yozgan insholarini “Tong yulduzi”, “G‘uncha”, “Gulxan” kabi nashrlarda chop etilishini ta’minlash kerak.

O‘quvchi va o‘qituvchilarning kitobxonligini yanada oshirish maqsadida har ikki hafta yakunida natijalar o‘rganilib, ilg‘or o‘quvchilarning natijasi (o‘qigan asarlari haqida yozgan maqolalari yoki insholari) keng ommaga tanishtirib borilishi, matbuotda yoritilishi lozim. Buning natijasida, o‘qishga qiziqmaydigan o‘quvchilarda qiziqish oshadi, intellekti rivojlanadi.

O‘qituvchi ish jarayonida ta’lim nashrlaridan olgan xulosalaridan amalda samarali foydalanishi samarasida ko‘rsatgichga erishgach, orttirgan tajribasini, o‘quvchilardagi ijobiy o‘zgarishlarni “Ustoz-shogird” an’anasining davomi sifatida ta’lim nashrlarida yoritib borish ham mumkin.

Joylarda, ayniqsa tuman markazidan olisdagi aksariyat mahallalarda kutubxona yo‘qligi sababli maktab qoshidagi kutubxonalarga "Oila, mahalla va maktab” konsepsiyasi doirasida hududdagi tadbirkorlarni, nuroniy otaxonu onaxonlarni, faxriy o‘qituvchilarni, maktabning sobiq bitiruvchilarini, shu hududdan saylangan deputatlarni taklif qilib, "kitobsevarlar klubi" tashkil etish, kitob aksiyalarini o‘tkazish orqali homiylik yordami sifatida kutubxonalarda badiiy, ilmiy, fan-texnika, san’at va boshqa yo‘nalishlarda kitoblarni yig‘ish va aholini kitobxonlikka  jalb qilish mumkin.

Aziza BOYMURODOVA.