Obuna uyushtirish davlat soliq idoralari vakolatiga kirmaydi

Joriy yilning 11 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda jomboylik tadbirkorlarning “Soliq idorasi tadbirkorlardan tuman gazetasiga obuna bo‘lishni talab qilayapti” sarlavhali murojaati chop etilgan.

Murojaatda Jomboy tumanida davlat soliq inspeksiyasi tadbirkorlarni yoppasiga “Jomboy tongi” gazetasiga majburiy obuna qildirilayotgani, tadbirkorlar pandemiya paytidagi moliyaviy qiyinchilikka duch kelgani, bitta gazeta uchun ikkita obuna bo‘lishi, obuna bo‘lmasa, soliq idorasi “qora ro‘yxat”ga tushib qolishi va muammolarga duch kelishiga ishora bo‘layotganini ta’kidlangan. Shuningdek, o‘tgan oyda respublika va viloyat darajasidagi gazetalarga ham obuna bo‘lish majburlangan edi, deya iddao qilingan.

Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tumandagi hech bir tadbirkorlik sub’yektini respubika, viloyat yoki tuman gazetalariga obuna bo‘lish uchun majburlanmagan. Aksincha, inspeksiya tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, gazetalarda tadbirkorlik sub’yektlari uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berilishi ma’lum qilinib, obuna bo‘lish tavsiya etilmoqda, xolos. Obuna bo‘lish yoki bo‘lmaslik tadbirkorlik sub’yektlarining xohishiga bog‘liq.

Bundan tashqari, tuman davlat soliq inspeksiyasida “qora ro‘yxat” yuritilmaydi va mavjud emas. Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida doimiy sog‘lom munosabat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularni qiziqtirgan va qiynayotgan masalalar yuzasidan doimiy maslahatlar berib borilmoqda. Ya’ni, “Soliqchi - tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Hurmatli tadbirkorlar! Agar viloyat davlat soliq xizmatida faoliyat yuritayotgan xodimlari tomonidan qandaydir bosimga yoki qonun buzilishi holatlariga duch kelsangiz viloyat davlat soliq boshqarmasining (66) 234-06-16 ishon telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.