Obuna tashkil etishda pochtaning ulushi 65 foizga tushib ketgan

Ayni paytda AOKA zalida 2021 yil uchun davriy bosma nashrlarga obunani tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Unda obuna va matbuot nashrlarini tarqatish xususida «O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Alisher Fayzullayev quyidagilarni aytib o‘tdi:

- 2017 yilda biz tomonimizdan 5 697 408 komplekt davriy nashrlar obuna tashkil qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yillar davomida kamayib, 2020 yilda 2 milliondan oshiqroqni tashkil etmoqda. Pochtaning ulushi 65 foizga tushib ketgan. Buning sabablari tahlil qilindi.

Birinchidan, o‘zi bosma nashrlarning adadi oxirgi yillarda birmuncha pasaygan. Muhtaram Prezidentimiz bu masalada ham gapirib o‘tdilar. Darhaqiqat, «majburiy obuna» to‘g‘ri emas, lekin «majburiy obuna» orqasidan «ixtiyoriy obuna» va boshqa obunalarga ham salbiy ko‘z bilan qarash shakllandi, natijada yillar davomida obuna ko‘rsatkichlari tushib ketdi.

Ikkinchi sababi, tan olib aytish kerak, 2017-2018 yillarda pochta tizimida ish o‘rinlari, tarmoq va aloqa bo‘limlari qisqartirilgan. Oldin 15 ming odam ishlagan bo‘lsa, bu son 7500 ga tushib qolgan va aloqa bo‘limlari soni ham qisqartirilgan.

Natijada davriy nashrlar aksariyat hollarda mijozlarga vaqtida yetkazib berilmagan. Yoki bir nechta sonlari birgalikda yetkazilgan. Nashrlar orqali tarqatilayotgan ma’lumot va axborot ma’nan eskirib qolganidan keyin yetkazib berilgani uchun ham mijozlar tomonidan obuna ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelgan.