Gazeta va jurnallarga obuna bo‘lmaslikni bolakaylarning achchiq dorini ichgisi kelmagani holatiga o‘xshataman

Chunki dorini ta’mi achchiq, taxir, yoqimsiz. Shuning uchun avval bolaga shu dorini ichsa, tuzalib ketishini tushuntiramiz, aldaymiz. Juda ko‘nmasa, majburlab ichiramiz.

E’tibor qilganmisiz, agar bolakay birorta doridan keyin joni orom topsa, keyingi safar garchi, u yoqimsiz bo‘lsa-da, bir amallab ichadi. Katta yoshdagilarda ham xuddi shunday holat kuzatiladi.

Ma’naviy qashshoqlik, ya’ni gazeta, jurnal, kitob o‘qimaslik ham kasallik. Hadislarda kambag‘allik ham illat, degan tushuncha bor. Vaqtli matbuot nashrlariga obunani «majburiy», deb ayuhannos solganlar, oqibatda ma’naviyatimizda bo‘shliq hosil qilayotganlar bu haqiqatni unutishgan ko‘rinadi.

To‘g‘ri, hali saviyasi past nashrlar borligi – haqiqat. Ammo ular ham zamona talabiga qarab o‘zgarishayapti. Bu alohida mavzu. Shuning uchun har bir rahbar o‘z xodimlarini vaqtli matbuot nashrlarini o‘qishga chorlashi zarur, deb hisoblayman. Chunki xonadonga kelgan gazeta, jurnal, kitob albatta, oila ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladi.

Sirojiddin RAUF,

«Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri.