Sog‘liqni saqlash tizimidagi vakant lavozimlarga ochiq tanlovlar o‘tkazildi
Joriy yilning 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlarida mavjud 18 ta vakant lavozimlariga ochiq mustaqil tanlovning 2-bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning 1-bosqichida joriy yilning 6 sentyabridan 15 sentyabriga qadar 10 kun muddatda viloyat bo‘yicha jami 170 nafar nomzoddan vacancy.argos.uz portali orqali hujjatlar qabul qilindi. 5 kunlik muddatda yuborilgan hujjatlarining malaka talabiga mosligi o‘rganib chiqilib, 142 nafar nomzodlar tanlovning keyingi bosqichiga o‘tkazildi. Malaka talabiga mos nomzodlar soniga vakant ish o‘rinlari nisbati hisoblanganda bitta o‘ringa 8 nafardan da’vogar nomzodlar to‘g‘ri kelmoqda. Hududlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘p Kattaqo‘rg‘on shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri lavozimiga 14 nafar nomzod hujjat topshirgan.
Tanlovning 2-bosqichida 120 nafardan ziyod nomzod test.argos.uz platformasi orqali “Sog‘liqni saqlash” tizimiga oid tuzilgan testlarni bajardilar. Test natijalariga ko‘ra nomzodlar orasida to‘plangan eng yuqori ball 87,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich 17,5 foizni ko‘rsatib, ushbu ko‘rsatkich nomzodlarning tanlovning test bosqichiga yetarli darajada tayyor bo‘lmasdan kelganligidan dalolat beradi. Test jarayonlari uzluksiz ravishda you.tube kanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilib, sinovlarning adolatli va shaffof, hech kimning aralashuvisiz o‘tishi ta’minlandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra test sinovlarida yetarlicha ball to‘play olgan 75 nafar nomzod ochiq mustaqil tanlovning 3-bosqichi suhbat bosqichiga o‘tkazildi. Suhbat bosqichi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan maxsus suhbat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Test sinovlari natijasi hamda suhbat o‘tkazilish muddati to‘g‘risidagi xabar vacancy.argos.uz portalidagi har bir nomzodning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali.