Soliq idorasining mas’uliyati cheklangan jamiyatga moliyaviy jarima qo‘llash haqidagi arizasi rad etildi. Nega?

Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga tuman davlat soliq inspeksiyasi ariza bilan murojaat qilib, «KARVANGROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 174 million 505 ming 648 so‘m moliyaviy jarima qo‘llashni so‘ragan.

Qayd etilishicha, Markaziy bank tomonidan markazlashgan tartibda Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etilgan ma’lumotga asosan aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi toifasiga kiruvchi «KARVANGROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha valyuta tushumi tushirilishi belgilangan muddatlardan kechiktirilgan. Shu bois MChJ muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni bartaraf etish choralarini ko‘rish, aks holda moliyaviy jarima qo‘llanishi haqida ogohlantirilgan. Biroq korxona tomonidan debitor qarzdorlik bartaraf qilinmagan hamda jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagan.

Sud majlisi muhokamasida ishtirok etgan javobgar «KARVANGROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari qo‘shimcha hujjatlar taqdim etib, bugungi kun holatiga debitor qarzdorlik bartaraf etilganligini bildirib, “Agrobank” viloyat boshqarmasi Siyob filiali tomonidan tasdiqlangan ma’lumotni taqdim etgan.

Ish hujjatlaridan va sud jarayonida aniqlangan holatlardan ma’lum bo‘lishicha, «KARVANGROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha 2020 yilning 26 dekabr holatiga 16 ming 700 dollar miqdorida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik bo‘lgan.

Javobgar tomonidan sudga taqdim etilgan bank ma’lumotnomasida  “Agrobank” Samarqand viloyat boshqarmasi Siyob filialining 2021 yil 19 fevraldagi ma’lumotiga ko‘ra, yuqorida keltirib o‘tilgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik 2021 yil 19 fevral holatiga barcha asbob-uskunalarni olib kelganligi va hozirgi vaqtda to‘liq bartaraf etilganligi ma’lum qilingan.

 Yuqoridagilarga ko‘ra, sud  javobgar tomonidan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik to‘liq bartaraf etilganligi sababli, javobgar «KARVANGROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan 174 505 648 so‘m moliyaviy jarima qo‘llashni maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasi 1-qismi 2-bandiga ko‘ra, arizachi va javobgar - huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha iqtisodiy sudga arizalar berganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan.

Iqtisodiy protsessual kodeksning 118-moddasiga ko‘ra, da’vogarning talablari u sudga murojaat qilganidan so‘ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.

Sud ish hujjatlarini tekshirib, arizachi vakilining ko‘rgazmasini tinglab javobgar tomonidan debitor qarzdorlik bartaraf etilganligi sababli arizani qanoatlantirishni rad etishni, javobgar «KARVANGROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan arizachi Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga oldindan to‘langan 17 ming 840 so‘m pochta xarajatini undirishni lozim deb topdi.

N.Tursunova,

Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.