Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti nima?

Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan, soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlarining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zaro munosabatlarni elektron tarzda amalga oshirishni ta’minlaydigan axborot resursidir.

Soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar soliq to‘lovchining soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali uning yozma arizasi, shu jumladan axborot tizimi orqali yuborilgan elektron shakldagi arizasi asosida amalga oshiriladi.

Soliq to‘lovchida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmagan taqdirda, soliq to‘lovchi va davlat soliq xizmati organi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Agar davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat yuborilganda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti amal qilishi to‘xtatib turilganligi to‘g‘risida yoki elektron raqamli imzo kaliti sertifikati bekor qilinganligi haqida ma’lumot olingan bo‘lsa, ushbu hujjat soliq to‘lovchiga mazkur ma’lumotlar olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida qog‘ozda jo‘natiladi.

Samarqand viloyati davlat soliq

boshqarmasi axborot xizmati.