Samarqandda 2900 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyati tiklandi

Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin davrida Samarqand viloyatida 4869 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Biroq karantin davrida ham belgilangan sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etgan holda 20 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti ish faoliyatini davom ettirdi.

Jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Asklepiy” kompaniyasi ish faoliyatini to‘xtatmay, byudjet tushumlari oshishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

– Bugungi kunda ma’lumotlar bazamizda 4000 dan ortiq nomdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari mavjud, – deydi kompaniyaning Samarqand viloyati sotuv bo‘limi boshlig‘i Abduaziz Rustamov. – Koronavirus tarqalishi tufayli e’lon qilingan karantin davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilgan holda faoliyatimizni davom ettirib, byudjet tushumini ko‘paytirishga hissa qo‘shyapmiz. Jumladan, aprel oyida 1 milliard so‘mdan ortiq soliqlarni to‘ladik. Bugun aholida dori-darmon vositalariga talab har qachongidan ham yuqoriligini inobatga olib, bu ehtiyojni qondirish uchun harakat qilyapmiz.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyatda aprel oyi uchun soliq tushumlari rejasi 170 milliard so‘m etib belgilangan edi. Amalda esa byudjetga 180,5 milliard so‘mlik soliq tushumlari tushirildi. Joriy yilning 1 may holatida viloyatda karantin munosabati bilan faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub’yektlaridan 2909 tasi yana o‘z ishini boshladi.