Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik ayb emasmi?
Joriy yilning 19 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Odamlar soliq to‘lash uchun soatlab navbat kutmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Mazkur maqolada Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasida soliq to‘lash uchun uzundan-uzun navbatlar hosil bo‘layotgani iddao qilinib, “Texnologiya rivojlangan davrda odamlarning soliq to‘lash uchun ertadan kechgacha navbat kutishi ayb emasmi?” degan savol ilgari surilgan.
Xo‘sh, Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasida soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish borasida qanday sharoitlar yaratilgan?
– Bugungi kunda Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasida ATIB "Ipoteka-bank"ning 4-sonli, AKBK "Turon bank"ning 1-sonli va ATIB “Mikrokreditbank”ning maxsus kassalari fuqarolardan soliq to‘lovlarini qabul qilmoqda, – deydi Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Lochin Rasulov. – Bir kunda o‘rtacha 300 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli xizmat ko‘rsatilayotganini ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda bevosita 29 nafar mutaxassis aholining soliq to‘lovlarini amalga oshirishi va ularga xizmat ko‘rsatish uchun biriktirilgan. Shuningdek, kadastr idorasidan ikki nafar mutaxassis fuqarolarning kadastr ma’lumotlarini soliq idorasi ma’lumotlari bilan solishtirib bormoqda.
Tanganing ikkinchi tomoniga nazar tashlasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, yilning yarmiga qadar mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashga soliq to‘lovchilarning vaqti, xohishi bo‘lmaydi. Yilning ikkinchi yarmida esa hamma yoppasiga to‘lashni boshlaydi. Mana, noyabr oyining ham yarmidan oshdi. Biroq ayrim yurtdoshlarimiz yer va mol-mulk soliqlarini hamon to‘lashda davom etmoqda.
Vaholanki, yer va mol-mulk solig‘ini to‘lashning oxirgi muddati 15 oktyabr etib belgilangan. Holbuki, bu boradagi mas’uliyatga panja orasidan qaraydiganlar ham yo‘q emas. Shu o‘rinda yer va mol-mulk soliqlarini o‘z vaqtida to‘lashni har bir fuqaro unutmasligi lozim. Chunki mahalliy yig‘imlar bevosita o‘zimiz yashab turgan shahar va tuman, mahallamizning yanada obod bo‘lishi, hududiy ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning hayotga tatbiq etilishiga xizmat qiladi.
Aytgancha, texnologiya rivojlangan davrda soliq to‘lovchilar uchun juda qulay imkoniyatlar yaratilganini alohida ta’kidlash joiz. Ya’ni, soliq to‘lovlarini davlat soliq inspeksiyasiga bormasdan “Click”, “Upay” va “Payme” elektron to‘lov tizimlari orqali ham amalga oshirish mumkin. Telegram messenjerida soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida SoliqMaslahatchilari (t.me/ SoliqMaslahatchilari) guruhi tashkil qilingan bo‘lib, bu orqali mutaxassislar qarzdorliklarni bilib berishlari mumkin.
Shu o‘rinda, soliq to‘lovchilar tushlikkacha yoki tushlikdan so‘ng soat 16:00 gacha soliq idorasiga kelishadi. Soliq organining ishi faqatgina mol-mulk va yer solig‘i qarzdoligini ko‘rib berishdan iborat emas. Ayni videoga olingan zalda boshqa xizmatlar ham ko‘rsatiladi. Buning ustiga ko‘pchilik soliq to‘lovchilarning kadastr raqami yo‘qligi sababli kadastr xizmatiga ham navbatlar yuzaga kelmoqda.
Soliq to‘lovchilardan yuzaga kelgan ushbu noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.