Sovg‘a nima? Uning miqdori qancha? Pora o‘rnida foydalaniladigan sovg‘alar ham bormi?

Barchamiz yaxshi biladigan, kunda, kunora duch kelinadigan sovg‘alarning turli ko‘rinish va shakllari bor. Masalan, moddiy, nomoddiy, qandaydir huquqni berish yoki majburiyatdan ozod qilish va boshqalar.
Davlat xizmatchilariga sovg‘a berishda korrupsiyaviy xatarlar bo‘lganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunida bu tushunchaga aniq ta’rif berilgan. Jumladan, qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisiga bepul berilgan, moddiy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulk yoki unga beg‘araz ko‘rsatilgan xizmat yo sovg‘a, shuningdek, bu kabi xizmatlar uning oila a’zolariga ko‘rsatilgan taqdirda ham sovg‘a hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2023 yil 4 apreldagi 54-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Agentlik xodimi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom sovg‘a olish-berish bo‘yicha munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu Nizomga ko‘ra, xodimlar tomonidan olingan sovg‘alar mazkur agentlikning sovg‘alar reyestrida ro‘yxatga olinishi kerak.
Sovg‘aning narxi bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari, ya’ni (2024 yilning dekabr holati bo‘yicha) 1 mln. 360 ming so‘mdan oshmasa, sovg‘a xodimda qoldiriladi. Qolgan holatlarda esa davlat organining balansiga o‘tkazilishi lozim.
Umuman, davlat xizmatchisi jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a olishi mumkinmi?
Davlat xizmatchisi o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olishi taqiqlangan. Ammo davlat xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori bilan olingan sovg‘alar, shuningdek, musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alarga nisbatan ushbu taqiq qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘a olishi mumkin.
Faqat bunday sovg‘alar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- sovg‘a uni beruvchi tomonidan aniq bir xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan ixtiyoriy taqdim etilgan bo‘lishi;
- davlat xizmatchisi tomonidan ochiq va oshkora qabul qilinishi;
- davlat organining obro‘siga putur yetkazmasligi;
- manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmasligi shart.
Xo‘sh, xorijda ham davlat xizmatchilari sovg‘a oladimi?
SINGAPURda vazir, uning oila a’zolari sovg‘a olishi maxsus kodeks bilan tartibga solingan. Masalan, 50 singapur dollarigacha (bugungi kunda 32 dollar atrofida) bo‘lgan sovg‘ani o‘zida olib qolishi mumkin.
ROSSIYa FEDERATsIYaSIda amaldor, o‘qituvchi, shifokor, rahbar lavozimidagi shaxslarga 3000 rubldan (taxminan 390 ming so‘m atrofida) ortiq qiymatda sovg‘a berilsa, bu pora hisoblanadi.
Sovg‘a, albatta, xarid cheki bilan birga berilishi kerak. Sovg‘ani berayotgan vaqtda, yozma bo‘ladimi yoki og‘zaki, biror narsaga sha’ma qilish, so‘rash, taklif qilish mumkin emas. Shu sababli, sovg‘ani bayram, tug‘ilgan kun yoki biror ahamiyatli sana munosabati bilan berish mumkin.
Bundan tashqari, sovg‘ani olishni istamagan kishini ko‘ndirishga urinish, olmasa ham stoli ustida tashlab ketish mumkin emas.
XITOY XALQ RESPUBLIKASIda mansabdor shaxslarga, davlat xizmatchilariga sovg‘a sifatida berish taqiqlangan predmetlar qonun bilan belgilab qo‘yilgan ekan. Har qanday sovg‘a pora sifatida qabul qilinadi va o‘lim jazosi bilan jazolanadi. Bu mamlakatda kitob sovg‘a qilishga ruxsat bo‘lgani bois, ayrim uddaburonlar buning muqovasini qimmatbaho toshlar bilan bezab, noyob metallardan ishlangan g‘iloflar tayyorlatib, pora sifatida taqdim etishadi.
Ammo, matbuotda bunday holatlar ham javobgarlikka tortilishga sabab bo‘layotgani haqidagi xabarlar uchrab turarkan.
AMERIKA QO‘ShMA ShTATLARIda amaldor va prezidentning mamlakat xorijiy davlatlar va tashkilotlaridan olgan sovg‘asi 305 dollardan oshadigan bo‘lsa, deklaratsiyada ko‘rsatishi va davlat arxiviga topshirishga majbur. Agar o‘sha sovg‘ani o‘ziga olmoqchi bo‘lsa, uni sotib olishi kerak bo‘ladi.
AQSh Davlat departamenti har yili “Federal Register” axborotnomasida sovg‘alar ro‘yxatini e’lon qilib borar ekan.
BUYuK BRITANIYada mansabdor shaxslarga beriladigan sovg‘a 140 funt (taxminan 266 dollar)dan oshmasligi kerak. Bundan qimmat sovg‘a faqat o‘sha amaldor javob sifatida qiymati o‘sha sovg‘adan qolishmaydigan sovg‘a bilan javob qaytarsagina ruxsat etiladi.
FRANSIYada mansabdor shaxslar olishi mumkin bo‘lgan sovg‘aning ruxsat etilgan qiymati 35 yevro (taxminan 470 ming so‘m). Bundan qimmat sovg‘a bo‘lsa, uni albatta egasiga qaytarib berishi shart.
Masalan, Fransiyaning sobiq prezidentlari Fransua Mitteran ot zavodiga olgan otini, Jak Shirak esa AQShning sobiq prezidenti Bill Klintondan olgan “Rolex” tilla soatini qaytarib bergan.
Shunaqa gaplar...
Korrupsiyaga qarshi kurashish Samarqand viloyati hududiy kengashi tomonidan tayyorlandi.