Sovuq o‘z so‘zini aytdi: Bugun maktablarga 30 foiz ham o‘quvchi kelmagan

Xabaringiz bor, bugundan Samarqanddagi ta’lim muassasalarida darslar boshlandi. Jumladan, maktablarda ham. Ammo maktablarda har bir sinfdan ko‘pi bilan 10 yoki 15 nafar o‘quvchi darsga kelgan, aksariyat ta’lim dargohlarida undan ham kam.

Bugun Samarqand shahridagi bir nechta maktablarda bo‘lib, bunga amin bo‘ldik. Xususan, Samarqand shahridagi 1500 o‘rinli maktablardan birida bugun 200 kishi kelgan.

Bunday holatni boshqa maktablarda ham kuzatish mumkin. Endi o‘ylab ko‘ring, qishloqlarda 3-4 kilometrdan qatnab o‘qiydigan maktablarda ahvol qanday? Buning ustiga maktablarning aksariyatida elektr yo‘q, gaz bosimi past, sinfxonalar sovuq.

Mutasaddilar holatni o‘rganib, shunga qarab ish qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Darvoqe, ayrim hududlarda ota-onalar maktabga borib farzandlarini olib ketishmoqda.