“Sovuq tushdi — pul ishlab ol”: Ayrim taksi haydovchilarining shiori shumi?

Bugungi -14 -16 darajali sovuqda ham ish va boshqa tashvishlar bilan yurgan ancha odamni uchratdim. Biroq Samarqand shahrida jamoat transporti — avtobuslar u yoqda tursin, taksilar ham kam. Ertalab ishga borish uchun shahar ichida taksi to‘xtatsam, haydovchi "15 ming so‘m bersangiz, marhamat", dedi. Ikkinchi, uchinchi taksi haydovchilari ham shunday javob berdi. Majbur o‘sha narxga rozi bo‘ldim.

To‘g‘ri, haydovchilarni to‘g‘ri tushunish kerak. Hammayam bu anomal sovuqda yurak yutib ulovini haydab chiqavermaydi. Kecha ko‘chalarda erigan suv muzlagan, piyodalar uyoqda tursin, mashinalar ham toyib ketyapti. Ammo taksi haydovchilarining yo‘lovchilardan 3 kilometr yurgani uchun 15 ming so‘m talab qilishi ham to‘g‘ri emas-da. Issiq kunlari shu masofaga 5 ming so‘mga olib kelgan haydovchi sal harorat pasaysa, 10 ming so‘mga rozi bo‘lmayapti.

Ular ham yo‘lovchilarni to‘g‘ri tushunsa yaxshi bo‘lardi. Kimlardir zarurat yuzasidan yo‘lga chiqqan, ayrimlar shifoxonaga kelayotgan bo‘lsa, yana birovining puli kam bo‘lishi mumkin. Bo‘lmasa, shu qahraton havoda issiqina uyida o‘tirmasmidi?

Aksincha, yo‘li bo‘lsa, pul olmasdan ham ko‘chadagi odamlarni tashlab o‘tayotgan yoki nafsiga egalik qila olayotgan haydovchilar ham bor, albatta. Insoflining barakasi bo‘ladi, deyishadi xalqimiz. Insofli bo‘lsak kam bo‘lmaymiz.

Dilmurod TO‘XTAYeV.