700 dollar va kerakli hujjatlari bo‘lgan hamyonning egasini izlab, topgan taksichi
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallada hokim yordamchisi bo‘lib ishlayotgan safdoshim Feruza Rahimova bilan suhbatlashib qoldik. U mahallasida yashovchi Iroda ismli ayol hayotida noxush hodisa ro‘y berganligini xafa bo‘lib aytdi. Kasbim taqozosidan holatni erinmay so‘rab oldim.
- Iroda chevarligi orqasidan ro‘zg‘orini tebratadi, halol, mehnatka ayol, - dedi F.Rahimova. - Mahoratli tikuvchi bo‘lganligidan mijozlari ko‘p. Boyaqish yaqinda katta bozorga borganida hamyonini yo‘qotib qo‘yibdi. "Qo‘ying, singlim, ko‘p kuyinmang, pul bo‘lsa topilar", dedim. Lekin u hamyon ichida fuqarolik pasporti, bank kartasi, chet elda ishlayotgan opasining bolalariga yuborgan 700 AQSh dollari ham borligini aytdi. Shuning uchun ham yig‘ilishda kayfiyatim bo‘lmay turibdi.
To‘g‘risi, men ham ming xil xayolga bordim. Bu ayolga rahmim keldi. Yaxshi taniganim uchun ertasiga ishxonasiga - tikuvchilik sexiga yo‘qlab bordim. Hol-ahvol so‘rashgach, ko‘nglimdan chiqarib, yordam bermoqchi bo‘lib turganimda xonaga bir taksi haydovchisi kirib keldi.
Haydovchi voqeani aytgach, Iroda beixtiyor o‘rnidan turib ketdi. Yigit ham puxta ekan, yo‘qolgan narsalarning ko‘rinishi va miqdorini qayta so‘rab oldi. Irodani taniganim va mashinasiga minganini eslagani uchun bu hamyon shu kishiniki degan fikrga kelgan ekan. Ammo hamyon egasini bir necha kundan buyon izlab yurganini yashirmadi.
Iroda hamyonni olgach, ichidan ancha pul chiqarib:
- Ukajon, baraka toping, katta rahmat. Mana bu mukofot sizga, - deb uzatdi.
Taksi haydovchisi pulni olmadi.
- Opa, bu sizning halol pulingiz. Men oddiy odamgarchilik qildim, xolos. Bundan keyin hushyor bo‘ling.
To‘g‘risini aytsam, men ham shirin bir kayfiyatda bo‘ldim. Yaxshilar ko‘p ekan dunyoda. Yigitdan ismini so‘radim, aytmadi. "Aka, har bir harakatimiz uchun rahmat, rag‘bat so‘rayversak, unda odamgarchilik nima bo‘ladi?"
… U shoshilib chiqib ketdi, hatto taksi davlat raqamini ham ko‘rmay qoldik.
Yigit aytganidek, maqolani hech joyga bermoqchi emas edim. Biroq, kuppa-kunduzi odamlarning pulini o‘g‘irlashga harakat qilayotgan ayrim nopok kimsalarga ibrat bo‘lsin uchun ushbuni ma’lum qilishga jazm etdim. Har qalay kimgadir insof berar, kimgadir ta’sir qilar bu voqea.
Tohir Hamidov,
jurnalist.