Samarqandda o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar qancha?
Shu yilning 1 oktyabridan boshlab yengil avtotransport egalari taksi xizmati bilan shug‘ullanishlari mumkin. Bu Prezidentimizning 2022 yil 7 iyuldagi “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Darhaqiqat, endi haydovchidan tashqari 4 tadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega yengil avtomashinalar (“Damas”lar emas)da yo‘lovchilarni tashuvchilar o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Buning uchun ular “taksi”chilik faoliyati litsenziya varaqasiga ega bo‘lishi zarur. Endi litsenziya berishda mashinaning ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilindi. Lekin bir yilda bir marotaba transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazishlari shart.
Litsenziya varaqasi uchun davlat boji yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari, ya’ni 300 ming so‘m miqdorida undiriladi. Litsenziya varaqasida haydovchining faoliyat ko‘rsatuvchi hududi ko‘rsatiladi. Avtomobilining tom qismiga “TAXI” belgisi o‘rnatiladi.
- Joriy yilning 12 oktyabriga qadar viloyat bo‘yicha 2608 nafar fuqaro mana shunday tartibda guvohnoma oldi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Saidjalol Haydarov. - Jumladan, Samarqand shahrida 1151 nafar, Samarqand tumanida 406 nafar, Toyloq tumanida 133 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu xizmat turi bilan shug‘ullanuvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanib, ish beruvchiga ega bo‘lmaydi, o‘zi ham ishchi yollamaydi. Ularga mehnat staji va pensiya hisoblab boriladi.
Soliq kodeksining 369-moddasiga asosan, belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan olingan daromadlari soliqqa tortilmaydi. Ular yilda bir marta bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashadi. Shuningdek, “Uztrans” axborot tizimiga ulangan ko‘p tarmoqli poliklinika yoki xususiy tibbiyot muassasalari orqali bir yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
- Oilaviy xarajatlarim ko‘pligi sababli mashinamda kirakashlik qilib kelardim, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Tolib Rasulov. – Noqonuniy taksichilik qilganim uchun ikki yil ichida 5 million so‘mga yaqin jarima to‘laganman. Yangi qarorning qabul qilingani men uchun katta qulaylik bo‘ldi. Bir yilda bir marta 300 ming so‘m soliq to‘larkanman. Bu u qadar qimmatlik qilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar Soliq mobil ilovasi orqali ham bepul ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Dilmurod TO‘XTAYeV.