SSV: Buxoroda yana 11 nafar bemor tuzaldi. Viloyatda jami sog‘ayganlar 39 nafarga yetdi

Ayni koronavirus pandemiyasi avj olgan bir paytda tibbiyot xodimlarining faoliyati jangga qiyoslanmoqda. Bilasiz, jangda qanchalik g‘olib bo‘lib, dushman chekinaversa, jangchilarning yanada shiddati oshadi, ruhi ko‘tariladi. So‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ketma-ket darddni yengishayotgani shifokorlarimizni yanada ruhlantirib, matonat bilan kurashishlariga turtki bo‘lmoqda.

Ushbu ko‘tarinkilik yurtimiz bo‘ylab koronavirusga chalingan fuqarolarimiz davolanayotgan barcha tibbiyot muassasalaridagi xodimlarning yanada ishonch bilan faoliyat yuritishlariga zamin yaratmoqda.

Ushbu ijobiy jarayonlarning samarasi o‘laroq, bugun ham Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 11 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan bo‘lib, “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriysida karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ulardan 5 nafari poytaxtimizdan, 2 nafari Toshkent viloyatidan bo‘lsa, Buxoro, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 56 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 30 yoshda.

Ushbu muvaffaqiyatli qadamlarga sabab koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani desak, xato bo‘lmaydi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 28 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 39 nafarga yetdi.

Muhimi, sog‘liqni saqlash sohasida keyingi yillarda olib borilgan islohotlar, tibbiyot muassasalarida barcha zarur sharoitlarning yaratilgani, malakali kadrlar bilan ta’minlanganligi koronavirus pandemiyasiga qarshi tezkor va samarali kurashishning ham asosiy omili bo‘lmoqda.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 140 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.